Ortda qolgan 9 oy mobaynida mamlakatimiz sportchilari o‘nlab jahon va qit’a chempionatlari bilan bir qatorda, xalqaro turnirlar, Universiada o‘yinlarida munosib natijalarga erishdi.
Bokschilarimizning Liverpulda o‘tgan jahon chempionatidagi ishtiroki, yosh dzyudochilarimizning Bolgariyadagi jahon birinchiligida umumjamoada 1-o‘rinni egallagani, shaxmat, og‘ir atletika, taekvondo, futbol, gimnastika, yengil atletika, kurash, para sport turlari kabi yo‘nalishlarda yuksak natijalar qayd etilgani o‘tayotgan yil mamlakatimizning olovqalb sportchilari uchun har doimgidan-da muvaffaqiyatli davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu kunlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi Ozarbayjonda o‘tayotgan III MDH o‘yinlarida 23 ta sport turida vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
"Olimpiya shaharchasi"da Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, sport federatsiyalari hamda assotsiatsiyalarining mas’ullari bilan istiqbolli rejalar yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuvda yil davomidagi musobaqalar, qayd etilayotgan natijalar, oldindagi musobaqalarga tayyorgarlik masalalari tahlil etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston sport delegatsiyasining shu kunlarda Ozarbayjonda tashkil etilayotgan III MDH o‘yinlaridagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Suhbat jarayonida har bir sport turi bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Bahraynda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilishi kutilayotgan III Osiyo o‘yinlari, Saudiya Arabistonida bo‘ladigan Islom birdamlik o‘yinlariga tayyorgarlik holati, o‘tayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, har bir sportchining ruhiy va jismoniy holati borasida fikr-mulohazalar tinglandi.
Uchrashuvda sport federatsiyalarining “Olimpiya shaharchasi”dagi joylashuv masalasi xususida ham so‘z bordi.
Suhbat yakunida har bir yo‘nalish, rejadagi musobaqalar borasida mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, "Bahrayn-2025" yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari 22-31 oktyabr kunlari o‘tkazilsa, Islom birdamlik o‘yinlari 7- 21 noyabr kunlari Ar-Riyodda tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA