Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportda iqtidorli talabaning keyingi faoliyati bilan kim shug‘ullanadi?
17:26 / 2019-09-06

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalaridagi hozirgi ahvol ham lo‘nda tahlil qilinib, kamchiliklarimiz ro‘y-rost ko‘rsatildi.


Munosabat

Prezidentimiz raisligida joriy yil 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi sohani rivojlantirishga barchamiz birdek mas’ul ekanimizni chuqur anglab olishimizda muhim omil bo‘ldi. Bu jarayonda barcha darajadagi rahbarlar, mutaxassislar, ta’lim tizimi xodimlari amalga oshirishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalaridagi hozirgi ahvol ham lo‘nda tahlil qilinib, kamchiliklarimiz ro‘y-rost ko‘rsatildi.

So‘nggi yillarda barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibordan har qancha quvonsak arziydi. Masalan, o‘tgan yili ta’lim muassasamizga 250 million so‘mlik sport jihozlari va formalar xarid qilindi. Universitet stadionini rekonstruksiya qilish uchun 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilib, uni tubdan yangilash boshlandi. Albatta, bu boradagi ishlar talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini taminlash sifati hamda samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Oliy o‘quv dargohimizda talaba-yoshlarning muntazam sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zamonaviy sharoit mavjud. Qishki va yozgi sport inshootlariga egamiz. Jismoniy madaniyat fakultetimizda malakali kadrlar tayyorlash uchun ham yetarli qulaylik yaratilgan. Bu yo‘nalishda talim-tarbiya olayotgan o‘g‘il-qizlarimizning sohaga qiziqishi yuqoriligi, sportning u yoki bu turi bilan shug‘ullanishga ishtiyoqi balandligi e’tiborga sazovordir. Shuningdek, boshqa fakultetlarimizda ham sportsevar yoshlar ko‘p. Sportning milliy kurash, dzyudo, yengil atletika, futbol kabi turlarida erishilayotgan yutuqlar bunga yaqqol dalildir.

Davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishida sportchilarimizni xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha aytgan fikrlari ayni haqiqat bo‘ldi. Ko‘plab iqtidorli yoshlarimizda talabalik yillari sportga katta ishtiyoq bo‘ladi. Nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini himoya qilishga intiladi. Biroq o‘qishni tugatgach, murabbiy yoki o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashadi yoki oylik maoshi ko‘proq boshqa biror ishning etagidan tutib ketadi. Katta sport bellashuvlarida qatnashmay qo‘yadi. Buning sabablari nimada? Ular oilaviy tashvishlarga o‘ralashib qolyaptimi yoki musobaqalarga borishga mablag‘ topolmayaptimi? Yo doimiy shug‘ullanish uchun joylarda zo‘r murabbiylar yetishmayaptimi? Yoxud boshqa sabablari bormi? Shu paytgacha biz ana shu muammoni o‘rganishni xayolimizga keltirmagan ekanmiz. Professor-o‘qituvchilarimiz ularning keyingi hayoti bilan qiziqmay qo‘ygan ekan. Endi ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishni rejalashtirib oldik.

Kezi kelganda yana bir narsani aytish lozimki, viloyatda azaldan kurash yaxshi rivojlangan. Bu yurt kuragi yerga tegmagan polvonlari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan. Hozir ham sportning kurash va dzyudo turlariga qiziqishi baland yoshlarimiz ko‘p. Endilikda ularni saralab, topib, tarbiyalab, katta sportga yo‘naltirish ham bizning asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Shu maqsadda talaba-yoshlarimiz va jamoamiz o‘rtasida turli sport bellashuvlari tashkil etishga e’tiborni yanada kuchaytiramiz. Xususan, 2018-2019 o‘quv yilida universitet professor-o‘qituvchilari va ishchi xodimlari o‘rtasida sportning 5 turi bo‘yicha 20 ga yaqin musobaqa uyushtirilib, talabalar uchun 80 dan ortiq sport musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lsa, bu o‘quv yilidan boshlab, bellashuvlar sonini yanada ko‘paytiramiz. 

Abduqodir TOShQULOV,
Termiz davlat universiteti rektori,
senator.