Gender strategiyasining asosiy maqsadi irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta’minlashdan iboratdir.
Tarixga nazar tashlar ekanmiz, Sharq qomusiy olimlardan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan bo‘lsa, 1791 yilda Olimpiya de Guj tomonidan tayyorlangan fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasida ilk bor ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligi e’tirof etilgan.
So‘nggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha videoselektorda ham bu masalalarga chuqur urg‘u berildi va bu maqsad mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasidagi eng muhim yo‘nalishlardandir.
Aynan sport sohasida bu tamoyil Olimpiya xartiyasining talablaridan biridir. Olimpiya xartiyasi olimpiya harakati uchun qonunlar majmuasidir.
Xartiyaga binoan Olimpiada o‘yinlari “Haqqoniy va teng huquqli musobaqalarda butun dunyo sportchilarini birlashtirib, mamlakatlar, alohida shaxslarga nisbatan irqiy, diniy yoki siyosiy kamsitilishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Biron sport turining Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishi uchun qat’iy mezonlar, talablar bo‘ladi. Ulardan biri sportdagi gender tenglik masalasi, ya’ni, Olimpiya o‘yinlariga da’vogar sport turi bilan erkaklar qatori xotin-qizlar ham teng shug‘ullanishi kerak.
Bugun kurashimiz zamonaviy sport turi bo‘ldi. Osiyo o‘yinlaridan mustahkam joy oldi. Dunyo polvonlari “o‘rtaga”, “ta’zim”, “kurash”, “halol”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “tanbeh”, “g‘irrom”, “bekor”, “teng”, “to‘xta” kabi o‘zbek so‘zlarini baralla aytmoqda.
Zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov kurash qoidalarida gender tengligi tamoyiliga alohida e’tibor qaratgan. Komil Yusupov qoidalarga erkaklar uchun 7 ta vazn toifasi kiritgan bo‘lsa, 8 ta vazn ayollar uchundir.
Kurashga xotin-qizlarni jalb etish masalasiga kelsak, muammoli masala. Bu ayniqsa, sharqona mentalitet hukmron xalqlarda juda og‘ir kechadi. Ammo qoidalar asoschisi bularga ham yechim topdi.
Birinchidan, og‘ritish, bo‘g‘ish yoki yerda yotib kurashish kabi usullar taqiqlangan. Yerga tizza tegdimi kurash to‘xtatiladi. Ikkinchidan, kurash yaktaklari ham mentalitetimizga xos. Sport kiyimimiz yopiq, tananing deyarli biron joyi ochiq namoyon bo‘lmaydi.
Demak, kurash ayollar uchun juda mos sport turi hisoblanadi. Bunday holda xotin-qizlar ham kurash bilan teng huquqli shug‘ullanish imkoniga ega. Bu o‘z navbatida, qariyalar, bolalar uchun ham qulay va xavfsiz.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida “Kurash-Olimpiya sari. Gender tenglik” mavzuida tashkil etilgan seminar-trening ham yuqoridagi fikrlarning in’ikosi bo‘ldi.
Kurashni xotin-qizlar o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan seminar-treningda respublikada faoliyat olib borayotgan ayol hakamlar, murabbiylar va kurash bo‘yicha Jahon, Osiyo chempionlari, Osiyo o‘yinlari g‘oliblari ishtirok etdi.
Seminar ishini tuman hokimi Shohrux Shoahmedov ochib berdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Prezidentimiz tomonidan ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor ayniqsa, kurash sport turini rivojlantirish, gender tenglik masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Sport psixologi tomonidan o‘tkazilgan trening va kurash tarixi, falsafasi yuzasidan qilingan ma’ruza qizlarni qizg‘in muhokamalarga chorladi.
Tadbir so‘ngida Jahon chempionlari bo‘lgan qizlarimiz mahorat darslarini namoyish etdi.
Zulxumor Ro‘ziyeva,
O‘zbekiston kurash federatsiyasi
matbuot xizmati rahbari
O‘zA