Parlament quyi palatasi majlisida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Mazkur loyiha bo‘yicha qo‘mita raisi Nodir Jumayev batafsil ma’lumot berdi:
— Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport inshootlarini zamonaviy sport jihozlari bilan ta’minlash, mahalladan boshlab aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sportdagi halollik, dopingning oldini olish xalqaro darajadagi muhim masalaga aylangan. Xalqaro antidoping kodeksida belgilangan talablar har bir davlatning qonunchiligida belgilanishi lozim.
Shuningdek, sportchi, trener, sport agenti kabilarning huquqiy maqomi qonunchiligimizda belgilanmagan.
Qonunchiligimizdagi shu kabi bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish ehtiyoji yuzaga keldi. Shu bois yangi tahrirda ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi bilan avvalo, aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borish, sport turlarini e’tirof etish va ularning reyestrini yuritish tartibini takomillashtirish, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalarining huquqiy maqomi va vakolatlari, Paralimpiya, Surdlimpiya, Maxsus olimpiya va Ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir masalalar qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, Sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari, sport klublari va sport ligalarining huquqiy maqomi va faoliyat yuritish tartibi, trener, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham aks etmoqda.
Qonun loyihasi bilan Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi ham belgilanib, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi takomillashtirilmoqda.
Qolaversa, ish beruvchilar xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratishi ko‘zda tutilyapti. Sport sohasidagi vakolatli organlarning vakolat va majburiyatlari yanada aniqlashtirib qo‘yilmoqda. Sport sohasidagi nizolarni sudgacha hal etish tartibini joriy qilish nazarda tutilmoqda, — dedi deputat.
[gallery-26772]
Majlisda sport vaziri Adham Ikromov ham so‘zga chiqib, sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar ko‘lamini raqamlar misolida batafsil qayd etib o‘tdi. Yaqinda Dubayda bo‘lib o‘tgan V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida yurtimiz vakillarining qo‘lga kiritgan natijalarini e’tirof etar ekan, bugun yurtimizda parasport vakillariga keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayotganini ta’kidladi. Natijada bugungi kunda inklyuziv sportchilar soni 14 mingga yetganini aytib o‘tdi.
Muhokamalardan so‘ng mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA