Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchimiz finalda o’z yurtdoshi bilan jang qilishdan bosh tortdi
18:28 / 2019-04-11

Xabar qilganimizdek, yaqinda Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida aralash jang san'atlari – MMА bo’yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etno turnirida iqtidorli sportchimiz Аbdulaziz O’tamurodov chempionlik kamarini qo’lga kiritdi.


Xabar qilganimizdek, yaqinda Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida aralash jang san'atlari – MMА bo’yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etno turnirida iqtidorli sportchimiz Аbdulaziz O’tamurodov chempionlik kamarini qo’lga kiritdi. Uning bu g’alabasi o’zbek o’g’lonlari hech kimdan kam emasligini dunyo ahliga yana bir karra namoyon etdi.

Аbdulaziz O’tamurodov 1990 yili Buxoroda tug’ilgan. Oiladagi muhit unda bolaligidan sportga qiziqish uyg’otdi. Yolg’iz farzand bo’lgani bois 7 yoshida otasi sog’lom va ruhan tetik bo’lib kamol topishi, Vatan obro’sini dunyoga tanitishi uchun Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi kurash to’garagiga olib boradi. Bir necha yildan so’ng esa boks bilan shug’ullantiradi.

Tinimsiz mashg’ulotlarda toblangan sportchi 13 yoshida tuman birinchiligida g’alaba qozonadi. Shuningdek, Аbdulaziz bir necha yil davomida qo’l jangi, jetkundo, kombat aykido, kikboksing kabi sport turlari bo’yicha shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda ulkan tajriba to’plab, xalqaro turnirlarda g’olib va sovrindorlar qatoridan joy oladi.

2009-2010 yillarda Navoiyda o’tgan kombat aykido bo’yicha O’zbekiston chempionatida g’olib bo’ladi. 2011 yil sportchi uchun omadli o’tadi. Farg’onada kombat aykido va jetkundo bo’yicha o’tkazilgan xalqaro turnirlarda faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritadi. O’sha yili Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga o’qishga kiradi. Аbdulaziz bir qator yakkakurash sport turlari bilan shug’ullangani bois sportchilik faoliyatini aralash jang san'atlari – MMАda davom ettiradi.

Mazkur yo’nalishda sportchi shu kunga qadar 4 marta jang o’tkazgan bo’lib, ularning 3 tasida g’alaba qozongan. Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida MMА qoidalari bo’yicha o’tkazilgan Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etno turnirida Аbdulaziz O’tamurodov va Bekzod Nurmatov 84 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.

O’zbekiston, Tojikiston, Qozog’iston va Qirg’iziston sportchilari o’rtasida o’tgan mazkur turnirda Аbdulaziz O’tamurodov qirg’izistonlik raqibi Qodir Kurstan o’g’lini texnik nokaut bilan mag’lubiyatga uchratdi. Bekzod Nurmatov esa yana bir Qirg’iziston vakili Jakip Tuganbaevni ikkinchi raundda og’rituvchi usulni qo’llagan holda taslim qildi. Shu tariqa so’nggi hal qiluvchi final bosqichiga ikki hamyurtimiz yo’l oldi.

– Mazkur turnir qoidalariga muvofiq men va Bekzod final uchrashuvida o’zaro jang qilishga rozi bo’lmadik, – deydi А.O’tamurodov. – Shu bois musobaqa tashkilotchilari har birimizga “Batir bashi” IV etno turnirining kamarini taqdim etdi. Musobaqalarda g’alaba qozonishimda murabbiylarimning maslahati va qo’llab-quvvatlashi muhim omil bo’lmoqda. Kelgusida bundan ham yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz sharafini yanada yuksaltirishda bor kuchim va mahoratimni ishga solaman.

Аbdulaziz o’z mahoratini muttasil oshirib borish uchun mashg’ulotlarga zo’r bergan.