English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchilarning “oltin avlodi” zamonaviy sport markazlarida kamolga yetadi
12:43 / 2023-10-31

Poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi yurtimiz sport sharafini xalqaro sport maydonlarida ulug‘lab kelayotgan o‘nlab sportchilar kamolga yetgan maskan sanaladi. O‘zbek sportining eng nomdor sportchilarining ko‘pchiligi aynan ushbu dargohda professional sport bilan oshno tutingan.

Bugungi kunda markazda yoshlar sportning 25 turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Ularning 18 tasi olimpiya, 3 tasi noolimpiya, 3 tasi paralimpiya sport turlari sanaladi. Markazda 109 nafar trenerlar 689 nafar yoshlarga saboq berib kelmoqda.

Yosh-sportchilarga sport sir-sinoatlarini o‘rgatib kelayotgan trenerlarning 12 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, 71 nafari oliy toifali, 24 nafari 1-toifaga ega ekanligi mahoratli sportchilarni kamolga yetkazishda qo‘l kelmoqda.  O‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlar natijasida bilim dargohining 54 nafar sportchisi xalqaro toifadagi sport ustasi, 128 nafari O‘zbekiston sport ustasi, 420 nafari sport ustaligiga nomzod, 214 nafari 1-, 170 nafari 2-,  84 nafari  esa 3-toifali sport ustalaridir.  

Mazkur bilim dargohida davlatimiz tomonidan yosh sportchilarga yaratilgan sharoitlar, ularning yashash, ta’lim olish jarayonlari bilan tanishish asnosida markazda mehnat qilib kelayotgan tarbiyachilar, mutaxassislar bilan suhbatlashdik.  

– Umrimning chorak asri ushbu dargohda o‘tmoqda, – deydi sportchi yoshlar tarbiyachisi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan Shoira Abdullayeva. – Markaz ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Bu maskan jismoniy tarbiya va sport sohasining bilimli mutaxassislarini yetishtirishda ilk poydevor,  o‘nlab Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, yuzlab jahon chempionlariga maktab bo‘ldi.  Shunday zukko yoshlarimiz bugun turli sohalarda, sport yo‘nalishlarida samarali mehnat qilib kelayotganiga guvoh bo‘lamiz.  

Darhaqiqat shunday. Markaz faxri bo‘lgan Odil Ahmedov bugungi kunda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari vazifasida mehnat qilayotgan bo‘lsa, o‘z davrida kurash va dzyudo musobaqalarida dovruq qozongan Abdulla Tangriyev xalqimiz xizmatidadir.  

Ayni paytda markazda o‘sib ulg‘aygan 332 nafar sportchi O‘zbekiston milliy terma jamoalarining a’zosi bo‘lib, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida qit’a va jahon chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.  

Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayevlar og‘ir atletika, Ixtiyor Navro‘zov va Umid Jalolov erkin kurash, Oksana Chusavitina sport gimnastikasi, Abdumalik Xalakov boks va yana o‘nlab sportchilar kurash, yengil atletika, suzish, voleybol, futbol musobaqalarida munosib natijalarga erishib kelayotgani nafaqat markaz, balki mamlakatimiz sport yutuqlarining xalqaro maydonda keng quloch yoyishiga xizmat qilmoqda.  

Mashhur sportchilarimiz yoshligida qanday bola bo‘lgani, ularning ilk mashg‘ulotlari qanday kechgani, sport mashg‘ulotlariga dastlabki munosabatlari ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

– Odil Ahmedov maktabimizga endi kelganida juda kichkina, ozg‘ingina bola bo‘lishi bilan birga, o‘ziga yarasha jo‘shqin, irodasi kuchli, harakatchan edi. 5 soat trenirovka mashg‘ulotlarini qilib, dars qilishga dangasalik qilmasdi. U  shuning uchun ham mana shu darajaga yetgan deb aytolaman. Ruslan Nuruddinovga kelsak, uning yoshligi bilan hozirgi holati o‘rtasida juda katta farq bor. U yoshligida uxlashni yaxshi ko‘rardi. Xonalarni nazorat qilib yurganimda doim uxlab yotgan bo‘lardi. Lekin o‘quv-mashg‘ulotlarda undan kuchli bola yo‘q edi. Ruslan o‘zi eslay oladimi, yo‘qmi, bilmadim, birinchi bu kollejga kelganida, “bu yerda o‘qimayman, sportchi bo‘lmayman kompyuter o‘rganaman” degan xarxashalari bo‘lgan. Murabbiylari “seni texnikalaring kuchli, yaxshi natijalarga erisha olasan,” deganlarining guvohi bo‘lganman. Ruslanni ko‘chada, maktabda ko‘rgan odam uni og‘ir atletika bilan shug‘ullanadi demasdi. Ammo Ruslanning zaldagi mashg‘ulotlarini kuzatib lol qolardik. Mana, baribir kuchli ekanini isbotladi. Uning bu darajaga chiqishida, albatta, murabbiylarning, o‘quv yurtimizdagi tarbiyachilarning xizmati beqiyos bo‘lganini ta’kidlashni istardim. Bugun o‘sha fidoyi insonlarning mehnati, Ruslanda o‘z kuchiga ishonchni uyg‘ota olgan murabbiy va mutaxassislarning mehnati, eng avvalo, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli dunyo og‘ir atletikasiga O‘zbekiston Ruslan Nurudinovdek, Akbar Jo‘rayevdek zabardast sportchilarni yetishtirib berdi. Ular tom ma’noda bilim yurtimiz, xalqimiz faxri. Bugun ham sport maktabimizda ularning munosib izdoshlari kamolga yetayotgani, ular ham chempionlar izidan borib, yutuqlarga erishayotgani barchamizni quvontiradi. Ajab emas, yaqin yillarda markazimizdan yana ko‘plab Akbarlar, Ruslanlar, Odilbeklar yetishib chiqsa. Buning uchun markazimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deya ta’kidlaydi Shoira Abdullayeva.  

Aytish lozim, davlatimiz rahbarining sport ta’limini yangi bosqichga olib chiqish borasida imzolagan qator qaror va farmonlariga asosan, bugungi kunga kelib, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi yangicha qiyofa kasb etmoqda.  

2018-2022 yillar mobaynida markazda ko‘plab sport ob’ektlari qurilib foydalanishga topshirildi. Qisqa fursatda dunyo standartlariga javob beradigan 50 metrlik suv havzasi, futbol maydoni, gandbol sport zali, 300 o‘rinli yangi yotoqxona sportchi yoshlar ixtiyoriga topshirildi.  

Foydalanishga topshirilgan sport inshootlarida sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolarining nufuzli xalqaro sport musobaqalari oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini muntazam ravishda o‘tkazib borishlari uchun imkoniyatlar yaratildi. Bu esa,  O‘zbekiston sportida nufuzli g‘alabalarning yanada ko‘payishiga olib keladi.

Yana bir gap. Joriy yilda talab va standartlarga javob beradigan yangi yengil atletika maydoni, kamondan otish zali, sport kurashlari zali, og‘ir atletika sport zalining foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganki, ayni harakatlar yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlash yo‘lidagi muhim jihatlar bo‘lib qoladi. Zotan, mahoratli va chapdast, ulkan g‘alabalarga qodir sportchilarning “oltin avlodi”ni kamolga yetkazishda zamonaviy sport inshootlarining o‘rni va roli beqiyosdir.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev, Mushtariy Ikromova, O‘zA