Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida poyoniga yetgan III Butunjahon jangovar sport o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 8 ta oltin, 7 ta kumush va 11 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
16 sport turining 25 ga yaqin yo‘nalishida o‘tkazilgan “World combat games” o‘yinlarida mamlakatimizning 44 nafar sportchisi 8 sport turida yurtimiz sharafini himoya qildi.
120 dan ziyod davlatdan 1600 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan Butunjahon jangovar sport o‘yinlarida sambo, dzyudo, ushu, sport kurashlari yo‘nalishlarida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarga erishdi.
“World combat games” o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, mamlakatimiz sportchilari umumjamoada 6-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yili Xitoyda o‘tgan “World combat games” musobaqalarida O‘zbekiston sportchilari 2 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan umumjamoada 20-o‘rinni, 2013 yil Rossiyada tashkil etilgan bahslarda 1 tadan oltin, kumush va 2 ta bronza medallari bilan 130 ga yaqin davlat orasida 28-o‘rindan joy olgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA