Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchilarimizning jahon kubogidagi g‘alabasi
16:24 / 2015-05-27

Germaniyaning Duysburg shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston sportchilari bittadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Germaniyaning Duysburg shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston sportchilari bittadan oltin, kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Yirik xalqaro sport anjumanlarida sportchilarimiz shohsupaga ko‘tarilib, Vatanimiz bayrog‘i sarbaland bo‘lsa, madhiyamiz yangrasa, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, faxr-iftixor tuyg‘usi qalbimizni chulg‘ab oladi. Ana shunday farahbaxsh damlar – sportchilarimizning xalqaro maydonlardagi yutuqlari soni va salmog‘i oshib borayotgani istiqlol bergan imkoniyatlar tufaylidir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir. Yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy sport majmualari barpo etilib, u yerda yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 

Olimpiya dasturidan joy olgan sportning eshkak eshish turlari ham jadal rivojlanmoqda. Ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarida eshkak eshish bo‘yicha iqtidorli sportchilar tayyorlanmoqda.

Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari jahon kubogining ikkinchi bosqichida munosib ishtirok etdi.

Dunyoning ellikdan ziyod davlatidan 650 sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqaning 1000 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha to‘rtliklar poygasida ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov va tajribali sportchilar Gerasim Kochnev, Eldor Qayumov, Serik Mirbekovdan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sportchilarimiz sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Yana bir sportchimiz Dilnoza Rahmatova 500 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda kumush medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, jahon kubogi endigina o‘n yetti yoshni qarshilayotgan iqtidorli sportchimiz faoliyatidagi ilk yirik musobaqa hisoblanadi. U jamoadoshi Nilufar Zokirova bilan hamkorlikda 200 metrga o‘tkazilgan juftlik bahslarida bronza medal bilan taqdirlandi.

Endi terma jamoamiz a’zolari Daniyaning Kopengagen shahrida bo‘ladigan jahon kubogining uchinchi bosqichida ishtirok etadi.