Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchilarimizning Incheondagi muvaffaqiyati
15:22 / 2014-10-27

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan Paraosiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, qiziqishi va intilishiga ko‘ra kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida yurtimiz paralimpiyachilari jahon va qit’a chempionatlari, Paraosiyo va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotir.

Paraosiyo o‘yinlarida 27 nafar paralimpiyachimiz sportning yengil atletika, dzyudo, suzish, o‘q otish turlari bo‘yicha musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston paralimpiyachilarining mazkur nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, Paraosiyo o‘yinlariga yo‘llanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

– Paraosiyo o‘yinlariga jiddiy hozirlik ko‘rgandik, – deydi yengil atletika bo‘yicha oltin medal sohibi Faxriddin Hamroyev. – Natija ham kutilganidek bo‘ldi. 200, 400, 800 metr masofaga yugurishda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Xalqaro maydonlarda erishayotgan yutuqlarimizda Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va iqtidorini namoyon etishiga qaratilayotgan ulkan e’tibor muhim omil bo‘lmoqda. Endigi maqsadim, Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish.

Suzish bo‘yicha Dmitriy Xorlin, Kirill Pankov, yengil atletikachilarimiz Faxriddin Hamroyev, Ma’rufjon Murodillayev va yadro uloqtirish bo‘yicha Mavlonbek Haydarov Osiyo rekordini o‘rnatgani mamlakatimizda paralimpiya harakati tobora rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Bu kabi yirik sport musobaqasida ikkinchi marotaba ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Vatanimiz sha’nini yanada ulug‘lab, ozod va obod yurtimizda Paralimpiya harakati jadal suratlarda taraqqiy etib borayotganligini amalda yana bir bor isbotladi.

– Musobaqa keskin kurashlarga boy bo‘ldi, – deydi dzyudo bo‘yicha 52 kilogramm vazn toifasida Paraosiyo chempioni Sevinch Salayeva. – Raqibalarim kuchli bo‘lishiga qaramasdan men ularni yengib, oltin medalga sazovor bo‘lganimdan xursandman. Orzuim 2016-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tadigan XV Paralimpiya o‘yinlarida ham yuqori natijalarga erishishdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.