Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchilarimiz o‘rtasida doping muammosi kamaymoqda
16:19 / 2021-12-10

Joriy yil davomida mamlakatimiz sportchilari Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari hamda nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. O‘tayotgan mavsum davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar zamirida sport tizimining ko‘plab yo‘nalishlaridagi tinimsiz mehnat, o‘z kasbiga sodiqlik va halollik yashiringani barchamizga ma’lum.

Ammo ushbu musobaqalarda yurt sharafini hamma ham halol yo‘l bilan himoya qilishni ba’zan istamaydi va dopingni qabul qiladi. Biroq bunday yo‘lni o‘z vaqtida aniqlash sportchilarni salomatliklarini asrash hamda halollikni o‘rgatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Joriy yilgi sport mavsumi davomida sportchilarni dopingdan saqlash, sohadagi olib borayotgan islohotlar haqida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov bilan suhbatlashdi.

– Joriy yilgi sport mavsumi yakunlandi desak ham bo‘ladi. Ushbu mavsumda “UZNADA” tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi?

– Joriy yilda koronavirus pandemiyasiga bog‘liq cheklovchi tartibi joriy etilganiga qaramay, sportchilarimiz turli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va musobaqalarda faol ishtirok etdi. Shu sababli O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham dopingga qarshi kurash sohasida targ‘ibot ishlarini davom ettirdi. Targ‘ibot-tashviqot ishlari asosan yuzma-yuz va onlayn seminarlar, vebinarlar, davra suhbatlari va anjumanlar shaklida 15 ta olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, 24 ustuvor va istiqbolli sport turlari bo‘yicha federatsiyalar, 66 boshqa sport federatsiyalar va uyushmalar, sport maktablari va oliy sport mahorati maktablari sportchi-talabalari, yo‘riqchi-uslubchilari, murabbiylari, tibbiyot va boshqa mas’ul xodimlari uchun jami 368 ta tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, bular ichida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universitetining Taekvondo fakulteti talaba va professor-o‘qituvchilari ham o‘rin olgan. Agentligimiz faoliyatining ikkinchi yirik yo‘nalishi bu — sportchilardan doping-sinamalarni olish va ularni tahlil qilish uchun xorijiy antidoping laboratoriyalariga yuborishdan iborat. 2021 yil davomida jami 855 doping sinama olingan bo‘lib, ulardan 538 tasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida, qolgan 317 tasi esa turli musobaqalar davomida milliy hamda xalqaro federatsiyalar, Xalqaro olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari hamda Butunjahon antidoping agentligi buyurtmalari asosida yig‘ilgan.

Shuni aytib o‘tish joizki, xalqaro sport tashkilotlari va yirik musobaqalar tashkilotchilarining O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislarining kasb mahoratiga nisbatan ishonchi yildan yilga oshib bormoqda. buning natijasida O‘zbekiston hududida o‘tkazilayotgan Osiyo va jahon chempionatlari va kuboklari davomida doping-nazoratini o‘rnatish va sportchilardan doping sinamalarini olish ishlari aynan bizning Agentligimizga ishonib topshirilmoqda.

Katta yutuqlarimizdan biri — 2021 yil noyabr oyida mamlakatimiz antidoping harakati tarixida birinchi marta sportchilardan qon doping sinamalari olinib, Anqara antidoping laboratoriyasiga tahlil uchun muvaffaqiyatli yuborildi. Bu voqea Agentligimiz faoliyatida yangi sahifa ochdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki bugun jahonda mavjud 199 ta milliy antidoping agentliklarining atigi 65 tasi qon doping sinamalarini olish uchun yetarli sharoiti va malakali mutaxassislari mavjud bo‘lib, bu safga O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ham qo‘shildi. Endilikda O‘zbekistonda doping-nazoratining to‘liq sikli amalga oshirilishi va istalgan doping-sinamalari olinishi mumkin bo‘ladi.

– 2021 yilgi xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz tomonidan qancha doping testlar olindi va nechta sportchida doping aniqlandi?

– Yil davomida xalqaro musobaqalarda, shu jumladan, “Tokio-2020” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilardan 227 dan ortiq doping sinamalar olingan. Ulardan 4 ta doping sinamada taqiqlangan doping moddalari aniqlangan.

Shuningdek, joriy yilning 1 dekabr holatiga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda musobaqalar davomida sportchilarimizdan olingan doping sinamalarning 9 tasida taqiqlangan moddalar aniqlandi. Doping iste’mol qilish holatlari asosan  dzyudo, og‘ir va yengil atletika, ayollar kurashi, sambo, basketbol, suv palosi, muay-tay va pauerlifting sport turlarida aniqlandi.

– Doping qoidalarini buzgan sportchiga qanday choralar ko‘rildi?

– Butunjahon antidoping kodeksi hamda O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarida aniqlangan har bir antidoping qoidabuzarlik uchun uning og‘irligi, ijtimoiy ahamiyati, sportchining salomatligiga nisbatan ziyoni, qaytarilishi va doping iste’moli bilan bog‘liq harakatlarda sportchidan tashqari boshqa shaxslarning ishtiroki tasdiqlanganligiga ko‘ra turli jazo choralari ko‘zda tutilgan. Joriy yil davomida doping moddalari bilan qo‘lga tushgan sportchilarga nisbatan 3 yildan 4 yilgacha diskvalifikatsiya jazosi, ya’ni shu muddatga sport faoliyatidan chetlashtirish jazosi tayinlandi. Bu degani, sportchi mazkur muddat ichida bironta rasmiy milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etolmasligi, yakka tarzda yoki jamoa tarkibida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga borolmasligini anglatadi.

– Doping ro‘yxatiga nechta yangi moddalar kiritildi?

Ma’lumki, har yili 1 yanvar kuni holatiga ko‘ra, Butunjahon antidoping agentligining "Sportda taqiqlangan moddalar va uslublar ro‘yxati"  yangilanib, unga taqiqlangan qo‘shimcha moddalar va uslublar hamda boshqa qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritiladi. "Taqiqlangan ro‘yxat"ning navbatdagi 2022 yilgi tahririda ham ma’lum o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Garchi Ro‘yxat rasman kuchga kirmagan bo‘lsada, biz hozirdan ushbu o‘zgartirishlar to‘g‘risida sport federatsiyalarni xabardor etdik. Xususan, Agentlikning  www.uznada.uz  rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallar orqali tegishli ma’lumotlar joylashtirildi. 2022 yilgi "Taqiqlangan ro‘yxatga" kiritilgan muhim o‘zgartirish bu — barcha anabolik gormonlarni yagona guruhga kiritilishidir. Avval bu gormonlar ichki hamda tashqi anaboliklar guruhlariga ajratilardi. Endilikda ushbu anaboliklar organizmda nima sababdan paydo bo‘lganidan qat’iy nazar ularning miqdorida belgilangan miqdoridan oshgan taqdirda doping deb hisoblanadi.

Ha, mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan samarali ishlar natijasida doping muammosi ham kamaymoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi yanada ko‘plab izlanishlar olib bormoqda. Umid qilamizki, kelgusi mavsum ham mazkur sohada yanada yuksak islohotlar olib boriladi. Buning samarasi esa sportchilarimizning halol yo‘l bilan qo‘lga kiritgan natijalarida ko‘rishimiz mumkin.

 

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA muxbiri suhbatlashdi.