Bahraynda yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimiga bir kun qolganda 2 ta sport turida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi, 3 ta sport turida dastlabki saralash musobaqalari tashkil etildi.
O‘zbekiston sporti tarixida munosib o‘ringa ega bo‘lgan mazkur o‘yinlarning ortda qolgan ikkinchi kungi musobaqalarida mamlakatimiz kurashchilari tarixiy g‘alabaga erishdi.
Osiyo o‘yinlarining bir kun muqaddam o‘tgan bahslarida 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan kurashchilarimiz ikkinchi kungi bellashuvlarda ham munosib natija qayd etdi.

15 ta davlat yosh kurashchilari qatnashgan bahslarning -52 kg vaznida gilamga chiqqan terma jamoamiz a’zosi Mubina Karimova hindistonlik raqibini finalda mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘g‘il bolalar o‘rtasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Shohjahon G‘olibov -83 kilogrammdagi saralash bellashuvlarida muvaffaqiyatga erishib, finalda eronlik raqibini taslim etdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Shuningdek, qit’a o‘yinlarining ikkinchi kunida penchak silat musobaqasida hamyurtimiz Nurislom Ro‘ziboyev Osiyo yoshlari orasida -63 kilogrammda tengsiz ekanini namoyish etdi.
Mahoratli sportchimiz finalda qirg‘izistonlik raqibi Temur Bekboyevni 46:16 hisobida yengib, oltin medalga egalik qildi. Yana bir sportchimiz Feruza Bozorova pechak silat bo‘yicha -55 kilogramm vaznda bronza medaliga ega chiqdi.
Osiyo yoshlar o‘yinlarining uchinchi kungi musobaqalari ostonasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 5 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 45 ta mamlakat orasida peshqadamlik qilmoqda.
Medallar jamg‘arishda Indoneziya, Filippin davlat sport delegatsiyalari 1 tadan oltin medal bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.

21 oktyabr kuni 5 ta sport turi – sohil voleyboli, tekbol, kabaddi, gandbol va voleybol bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 28 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 22 oktyabr kuni tashkil etiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA