Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchi yoshlar “Prezident olimpiadasi”da bellashadi
11:57 / 2025-11-22

Shu kunlarda mamlakatimizning yosh va umidli sportchilari uch bosqichdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlarining yakuniy bosqichi - "Prezident olimpiadasi" musobaqalariga hozirlik ko‘rmoqda.

Sportning boks, dzyudo, erkin, ayollar va yunon-rum kurashi, stol tennisi, yengil atletika, taekvondo(WT), basketbol(3x3), badiiy gimnastika va og‘ir atletika turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda orda qolgan ikkita bosqichda g‘oliblikka erishgan sportchilar, jamoalar "Prezident olimpiadasi”ning g‘olib va sovrindorlari bo‘lish yo‘lida kurash olib borishadi.

Joriy yilning 23 noyabr – 4 dekabr kunlari tashkil etiladigan musobaqalarning boks, dzyudo, erkin, ayollar va yunon-rum kurashi, stol tennisi, yengil atletika, taekvondo(WT), basketbol 3x3 sport turlari bo‘yicha musobaqalar Olimpiya shaharchasi sport majmualarida, badiiy gimnastika bahslari gimnastikaga ixtisoslashtirilgan respublika bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktabida, og‘ir atletika bellashuvlari Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilishi belgilangan.

Shu o‘rinda aytish lozim, o‘yinlar nizomiga muvofiq, boks, erkin va ayollar kurashi, og‘ir atletika, badiiy gimnastika musobaqalari 23 noyabrdan boshlansa, yunon-rum kurashi va yengil atletika bahslari 26 noyabrdan, basketbol(3x3) o‘yinlariga 30 noyabrdan, stol tennisi musobaqalariga 2 dekabrdan start beriladi.

O‘yinlarning rasmiy ochilish marosimi 26 noyabr kuni poytaxtimizda bunyod etilgan Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi.

Kuni kecha Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassislaridan iborat o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish ishchi guruh a’zolari “Prezident olimpiadasi” musobaqalari o‘tadigan majmualarning holati, ishtirokchilar yashaydigan mehmonxonalarning shart-sharoitlari hamda mehmonlar uchun yaratilgan infratuzilmalar bilan tanishdi.

Sport majmualarda murabbiy va hakamlar, texnik qo‘mita vakillariga biriktirilgan xonalarning zarur inventarlar bilan ta’minlanganligi, sportchilarning yechinish-kiyinish xonalarining talab darajasiga javob berishi ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA