French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchi talabalarning necha foizi mashg‘ulotlar bilan qamrab olingan? (+video)
16:43 / 2023-01-31

Sport musobaqalarining shiddatli bahslarida sevinch va iztirob hamisha yonma-yon. Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi.

Mamlakatimiz sportchi talabalarining faoliyati, xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, ushbu tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston Talabalar sport assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi a’zosi Erkin Qodirov bilan suhbatlashdik.

– Mamlakatimiz milliy terma jamoalariga a’zo sportchilarning 80 foizdan ortig‘ini talabalar tashkil etadi. Ayting-chi, assotsiatsiya tizimida sportchi talabalarni qamrab olish holati qanday?

– Bu borada keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Assotsiatsiya 2018 yilda tashkil etilib, o‘tgan yillar davomida tashkilotning normativ-huquqiy hujjatlari yaratildi. Talabalar o‘rtasida 27 ta sport turini keng yoyish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish maqsadida yurtimizdagi 106 ta oliy ta’lim muassasasida sport klublari tashkil etildi. Natijada 47 ming nafardan ziyod talaba qamrab olindi. Ushbu sa’y-harakatlarni davom ettirgan holda kelgusida qamrovni 250 ming nafarga yetkazishni maqsad qilganmiz.

– Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Leyk-Plesid shahrida o‘tkazilgan 31-Qishki universiada o‘yinlarida yurtimiz sportchilari ham ishtirok etdi. Natijalar xususida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Mazkur Qishki universiada o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 23 nafar tarkib bilan qatnashdi. Shundan 13 nafari sportchi talabalar bo‘ldi. Sportchilarimiz o‘yinlar dasturidagi 3 ta sport turi — snoubord, chang‘ida uchish va figurali uchish dasturlari bo‘yicha vatanimiz sharafini himoya qildi. Albatta, sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqada ilk bor qatnashayotgani hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilmagani, qishki sport turlari bo‘yicha tajribali murabbiy-mutaxassislarning yetarli emasligi natijalarda aks etdi. 

Shunday bo‘lsa-da, sportchilarimizning aksariyati 40-50 nafar ishtirokchi kurash olib borgan dasturlarda 12-, 20, 25-o‘rinlardagi ko‘rsatkichga erishganligi yoshlarimizda iste’dod, g‘alabaga intilish borligidan dalolat. Ammo, xalqaro musobaqa ko‘nikmasi, texnik-taktik harakatlarning mukammal emasligi sovrindorlar safidan joy olishga xalaqit berdi. Yuqori o‘rinlarni egallagan Janubiy Koreya, Yaponiya, Yevropa va Amerika qit’asi vakillari yil o‘n ikki oy mashg‘ulot maydonidan beri kelmasligini, doimiy tarzda musobaqalarda tizimli qatnashayotganligini nazarda tutsak, g‘alabalar sari yo‘l mashqlar, kichik musobaqalarda toblanish orqali boshlanishini anglash qiyin emas.

– Ushbu universiada o‘yinlari davomida Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) prezidenti Leons Eder bilan uchrashuv o‘tkazdingiz. Unda qanday kelishuvlarga erishildi?

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wTHZEGYLMi8" title="Sportchi talabalarning necha foizi mashg‘ulotlar bilan qamrab olingan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

– Uchrashuv Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) tashabbusi bilan o‘tkazildi. Muloqot davomida FISU prezidenti Leons Eder O‘zbekiston sportchilarining yozgi olimpiada o‘yinlaridagi, jahon chempionatlaridagi ishtirokini doimo kuzatib borishini bildirib, qishki kompleks musobaqalarda vatanimiz sportchilarining tizimli tarzda qatnasha boshlaganligidan mamnun ekanligini, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning sportning rivojiga alohida e’tibor berayotganligini e’tirof etdi. 

Shuningdek, suhbat davomida FISU va O‘zbekiston talaba sport assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, Toshkentda Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi vakillari ishtirokida tadbirlar tashkil etish masalasida kelishuvlarga erishdik.

– O‘zbekiston Talabalar sporti assotsiatsiyasi tizimida joriy yil qanday musobaqalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan?

– O‘tgan yili ham bir qator sport turlari bo‘yicha ichki musobaqalar tashkil etilgan edi. Bundan tashqari, barkamol avlod sport o‘yinlari zo‘r muvaffaqiyat bilan bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda qator rejalarni amalga oshirish ostonasida turibmiz. Aslida bu yilgi talabalar o‘rtasidagi sport musobaqalari boshlanib ketdi. O‘tgan hafta universiada o‘yinlari tizimidagi dzyudo bahslari final musobaqalari Navoiyda bo‘lib o‘tdi. 

Avvallari yurtimizda o‘tadigan universiada yoki Barkamol avlod musobaqalarida doimiy tarzda O‘zbekiston chempionatida birinchilikda qatnashib kelayotgan yoshlar ishtirok etardi. 2020 yildan e’tiboran yangi joriy etilgan tizimga binoan ta’lim muassasalaridagi talabalarni ushbu kompleks musobaqalarga jalb etish nazarda tutildi. Natijada avvallari biror sport turi bahslarida 900 nafar atrofida sportchi talabalar qamrab olingan bo‘lsa, endilikda bosqich musobaqalarida saralanib, final bahslarida ishtirok etadiganlar soni 1500 nafardan ko‘p. Bu — talabalarni sport musobaqalariga jalb etish mamlakatimizda 1,6 foizga ortdi.

Ushbu suhbatning to‘liq qismini video orqali ko‘rishingiz mumkin.

To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.

Yoqub Meliboyev (tasvirchi), O‘zA