French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sportchi oilalar musobaqasi
19:31 / 2014-09-19

Poytaxtimizda “Sog‘lom oila” shiori ostida “Otam, onam va men – sportchi oila” an’anaviy sport o‘yinlarining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

21c.jpg
Poytaxtimizda “Sog‘lom oila” shiori ostida “Otam, onam va men – sportchi oila” an’anaviy sport o‘yinlarining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur an’anaviy musobaqa aholi, ayniqsa, yosh oilalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi A.Ahmedov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oila institutini rivojlantirish, oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda sportning ahamiyati beqiyos. Zero, bolalar sport bilan band bo‘lsa, har tomonlama sog‘lom, mustaqil fikrli bo‘lib ulg‘ayadi, oilasiga, atrofdagilarga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘usi kuchayadi. Sportga mehr esa avvalo oiladan boshlanadi. 

“Otam, onam va men – sportchi oila” musobaqasi dastlab mahallalarda tashkil etilishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Mahalladoshlar mazkur musobaqada o‘z mahoratini namoyish etishi barobarida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va inoqlik fazilatlarini yanada mustahkamlaydi. Ota-onasining g‘alabaga ishtiyoqini ko‘rgan o‘g‘il-qiz o‘z irodasi, matonatini mustahkamlab boradi. 

Bu yilgi musobaqaning mahallalararo bosqichida 254 mingdan ortiq oila a’zolari ishtirok etdi. Bu esa oilalarda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqish tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir. Musobaqaning mamlakat bosqichida mahallalararo, tuman, shahar va viloyat bosqichlaridan saralangan 14 oilaviy jamoa g‘oliblik uchun bahslashdi.

Ishtirokchilar turli kasb egalari bo‘lishiga qaramay jismoniy tarbiya va sport hayotining ajralmas qismiga aylangani va bolalariga ham o‘rnak bo‘layotgani quvonarlidir. 

Masalan, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Beshterak” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Rahmonovlar oilasida sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilinadi. Abdurasul aka fermer xo‘jaligida ish boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi, ammo sport mashg‘ulotlarini kanda qilmaydi. Turmush o‘rtog‘i Klara Ashurova farzandlarining ta’lim-tarbiyasi va sport bilan muntazam shug‘ullanishiga alohida e’tibor qaratadi. Farzandlari Anvar va Mohlaroyim o‘qish bilan birga voleybol va tennis bilan muntazam shug‘ullanadi. 

Jizzaxlik Soatovlar oilasi esa haqiqiy sportchilar oilasi. Rustam Soatov Paxtakor tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida kurash bo‘yicha murabbiy, Gulmira Soatova shu maktabda bo‘lajak sportchilarga badminton sirlarini o‘rgatmoqda. To‘ng‘ich farzand Sevinch gimnastika bilan muntazam shug‘ullansa, 6 sinfda o‘qiyotgan Doston kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni.

– Yoshligimizdan sportga oshno bo‘lganmiz, biroq u davrlarda bugungiday imkoniyatlar yo‘q edi, – deydi R.Soatov. – Istiqlol sharofati va Prezidentimiz Islom Karimovning kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlod kamolotiga qaratayotgan doimiy e’tibori tufayli farzandlarimizning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu musobaqa ham oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, farzandlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. 

Qoraqalpog‘istonlik Qalenovlar, andijonlik G‘iyosiddinovlar, buxorolik Rahimovlar, sirdaryolik Abdullayevlar, farg‘onalik O‘rinovlar, surxondaryolik Choriyevlar, samarqandlik Nuriddinovlar, xorazmlik Madaminovlar, namanganlik Akramovlar, Toshkent viloyatidan Abdullayevlar, navoiylik Qudratovlar va poytaxtlik Mirsoatovlar oilasi ham jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish borasida boshqalarga namuna bo‘layotgan oilalardan.

Musobaqada Toshkent viloyatidan Abdullayevlar oilasi birinchi, xorazmlik Madaminovlar oilasi ikkinchi, qashqadaryolik Rahmonovlar oilasi uchinchi o‘rinni egalladi. 

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.