Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida 2025 yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2-mavsumi doirasida zamonaviy universal sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, Shirin shahar sportchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan 12 nomdagi jami 360 dona sport jihozi va 200 dona sport formasi taqdim etildi.
Sport zalining tantanali ochilish marosimida Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova hamda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronovlar ishtirok etishdi. Unda davlat tomonidan sportni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli sportchilarni yetishtirishga qaratilgan izchil va tizimli ishlar alohida ta’kidlandi. Shuningdek, universal sport zali kelgusida xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taradigan chempion sportchilarni tayyorlashda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.

18x36 metr o‘lchamdagi keng va zamonaviy sport zalini qurish uchun “Tashabbusli byudjet”dan jami 2 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan, qo‘shimcha ravishda Shirin shahar hokimligi tomonidan 500 million so‘m ajratilgan.

Yangi sport zalida yoshlar va iqtidorli sportchilar mini-futbol, voleybol, basketbol, gandbol, badminton hamda yakka kurash kabi turli sport turlari bilan muntazam mashg‘ulot o‘tkazishlari, tajriba va malaka orttirishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

–Ushbu sport zali nafaqat shahar aholisi, ayniqsa yoshlar uchun ko‘p yillik orzu edi. Qish-qirovli va yog‘ingarchilik kunlarida muntazam mashg‘ulotlarni o‘tkazish imkoni bo‘lmasdi, bu esa yosh sportchilar, bo‘lg‘usi chempionlarning jismoniy tayyorgarligiga salbiy ta’sir qilar edi. Prezidentimizning sportga qaratgan e’tiborlari tufayli bu imkoniyat yaratildi deb hisoblayman, — deydi mahalla faoli Rustam Murodov.

Bir so‘z bilan aytganda, Shirinda foydalanishga topshirilgan ushbu sport zali sportchilarning jismoniy faolligi va mahoratini oshirish bilan birga, sog‘lom avlodni tarbiyalash va sportdagi yutuqlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimiz bayrog‘ini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro arenalarda ham baland ko‘tarish imkonini beradi.
G‘ulom Primov, Anvar To‘ychev (surat) O‘zA