Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport, yoshlik va do‘stlik bayrami
22:21 / 2016-05-26

Farg‘onada 26-may kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Universiada – 2016” respublika sport o‘yinlari boshlandi

Farg‘onada 26-may kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Universiada – 2016” respublika sport o‘yinlari boshlandi

Go‘zal Farg‘ona bayram og‘ushida. Rang-barang chiroqlar yog‘dusi ko‘zni qamashtiradi – go‘yo yulduzlar yerga sochilganday. Odamlarning yuz-ko‘zida shodmonlik, shukronalik. Yoshlik, do‘stlik, shijoat va go‘zallik bayrami – Universiada musobaqalarining ruhi barchaga ko‘tarinkilik ulashadi.

Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadioni uzra “Universiada – 2016” sport musobaqalarining chorlov sadolari yangraydi. 

Maydonda azmu shijoatda, bilim va salohiyatda, iste’dodu mahoratda hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron yoshlarimiz – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari a’zolari saf tortadi.

Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Universiada – 2016” sport o‘yinlarini ochiq, deb e’lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i ko‘tariladi.

Universiada bayrog‘i hilpiraydi.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilari ona Vatanga sodiq farzand, elga tayanch bo‘lishga, Vatan ravnaqi va uning xalqaro maydonlarda obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishda bor bilim, kuch, iste’dod va salohiyatini safarbar etishga tantanali qasamyod qildi. Mustaqillik farzandlarining qat’iyati, jasorati, irodasiyu shijoati shahdam qadamlarida, o‘tkir nigohlarida aks etadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda bu borada beqiyos islohotlar amalga oshirildi. Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga bugun dunyo havas qilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan da’vati bugun hayotimizda o‘z ijobatini topmoqda.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy sog‘lom, ma’naviy yetuk etib voyaga yetkazish, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning muhim vositalaridan biri bo‘lgan sport, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish, sport inshootlarini zarur inventarlar, murabbiy va mutaxassislar bilan ta’minlash, yoshlarning nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir.

Ana shunday sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan millionlab o‘g‘il-qizlarimiz jismoniy tarbiya va sportni hayotining ajralmas bo‘lagi, kundalik ehtiyojiga aylantirgan. Bu ularning jismoniy kamolotida, xalqaro musobaqalarda erishayotgan yuksak g‘alabalarida o‘z ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bu borada salmoqli natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 2005-yilda mamlakatimizda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning 30 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2015-yilda bu 57,2 foizni tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari mamlakatimizning millionlab yoshlari qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirmoqda, ajdodlarimizning mardlik va jasurlik an’analarini munosib davom ettirishida, ezgu orzulari, sport olamidagi yuksak cho‘qqilarni zabt etishdek ulkan maqsadlarini ro‘yobga chiqarishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

16.JPG
  
Mazkur uch bosqichli sport musobaqalari Olimpiya o‘yinlari qoida va talablari asosida o‘tkaziladi. Musobaqalarda jismonan va ruhan chiniqqan, tajriba va mahoratini oshirgan ko‘plab sportchilarimiz eng nufuzli sport anjumanlarida – qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ularning g‘alabalari sharafiga Vatanimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangramoqda.

Bu yilgi Universiada sport o‘yinlarining Olimpiada yilida o‘tkazilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, Olimpiada ham, Universiada ham sportchilarning birdamlik, do‘stlik bayrami, tajriba va mahorat maydonidir. Mazkur musobaqalar sportning asosiy tamoyillaridan bo‘lgan salomatlik, tinchlik va ezgulikka xizmat qiladi.

Joriy yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimiz sportchilari ham mazkur nufuzli sport anjumanida munosib ishtirok etish uchun puxta hozirlik ko‘rmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilari orasida Olimpiadaga yo‘llanma olgan sportchilar ham bor. Universiada ular uchun nufuzli musobaqa oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

...Stadionga Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining quyosh o‘chog‘idan alanga oldirilgan mash’alani ko‘targan yigit va qiz kirib keladi.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlari mash’alasini boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempioni, o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori, Olimpiada yo‘llanmasi sohibi Bektemir Meliqo‘ziyev va tennis bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar hamda 2014-yil Namanganda o‘tgan “Barkamol avlod” o‘yinlari sovrindori, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Sarvinoz Saidxo‘jayeva yoqadi.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlari 15 sport turi – basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha tashkil etilmoqda. Ushbu sport turlarining deyarli barchasi Olimpiada dasturidan joy olgan. Unda mamlakatimiz hududlarida o‘tgan saralash musobaqalarida g‘olib chiqqan yigit-qizlar qatnashmoqda. Yoshlarning aksariyati sport bilan muntazam shug‘ullanib, “Umid nihollari” va “Barkamol avlod” sport o‘yinlarida tajriba va mahoratini oshirgan.

Farg‘ona shahri keyingi yillarda yanada chiroy ochdi. Davlatimiz rahbarining 2011-yil 15-noyabrdagi Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015-yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yo‘llar, ko‘chalar, ko‘priklar qurildi, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirlandi. “Farg‘ona” xalqaro aeroporti, qator ma’muriy binolar rekonstruksiya qilindi, zamonaviy mehmonxonalar, ko‘p qavatli turar joylar barpo etildi.

Istirohat bog‘lari, xiyobonlar, zamonaviy attraksionli bog‘lar, lazer-shouli amfiteatr, musiqali favvoralar bunyod etildi. Shaharning barcha ko‘cha va maydonlarida iqlim mo‘tadilligini ta’minlovchi manzarali daraxt ko‘chatlari, turfa gullar ekildi.

Zamonaviy arxitektura va milliy me’morlik an’analarini mujassam etgan muhtasham Teatr-konsert saroyi foydalanishga topshirildi. Bu yerda tomoshabinlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Qirq gektar maydonda barpo etilgan so‘lim xiyobon, turfa rangda jilolanuvchi musiqali favvora saroyga yanada chiroy bag‘ishladi. “Neftchi” stadioni o‘rnida sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, suzish havzasi, Mustaqillik ko‘chasida Yoshlar markazi bunyod etilishi yoshlarning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.

– Farg‘onaga kelgan kishining go‘zalligu mahobatdan, ozodaligu tarovatdan bahri dili ochiladi, – deydi «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday ulkan o‘zgarishlar viloyat ahlining bunyodkorlik tuyg‘usi bilan yashashi, obod va farovon kelajagini barpo etishida muhim omil bo‘lmoqda. 

14.JPG
  
Viloyatda talaba-yoshlarning Universiada musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Musobaqa oldidan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jahon andozalari asosida barpo etilgan 20 ming o‘rinli “Istiqlol” stadioni noyob me’moriy-muhandislik yechimi, betakror dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.

Farg‘ona shahrida yangi sport inshootlari barpo etilib, qator sport majmualari ta’mirlandi. Farg‘ona davlat universitetida sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, 3 ming 200 o‘rinli futbol maydoni, yopiq suzish havzasi, uchta voleybol maydoni va yengil atletika yo‘laklari qurildi. Farg‘ona Olimpiya zaxiralari kolleji sport zallari ta’mirdan chiqarildi. Farg‘ona politexnika institutining 4 talabalar turar joyi va oshxonasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida turli ko‘chatlar o‘tqazilib, archa, kashtan, hind sireni, farbitsiya singari manzarali va butasimon daraxtlarga uyg‘un holda yo‘laklar barpo etildi.

Farg‘ona, Ma’rifat, Murabbiylar ko‘chalari zamonaviy arxitektura talablari asosida ta’mirlanib, 5 kilometrlik yo‘l rekonstruksiya qilindi. Musobaqa ishtirokchilari va mehmonlari yashaydigan talabalar turar joylari va mehmonxonalarda barcha sharoit yaratildi.

...Stadionga yosh sportchilar, taniqli estrada xonandalari kirib keladi. Ular ijro etgan qo‘shiq va raqslarda O‘zbekiston yoshlariga xos intilish, g‘ayrat-shijoat, jo‘shqinlik va nafosat namoyon bo‘ladi. Rango-rang bezaklar, turfa chiroqlar bayramga o‘zgacha fayz baxsh etadi. Maydon uzra taralayotgan sho‘x musiqa yoshlarni raqsga chorlaydi, tantanavor ruh qalblarga ko‘chadi.

– Prezidentimiz tabrigini zo‘r hayajon va mamnuniyat bilan tingladik. Bu mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirishga Yurtboshimiz tomonidan qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasidir. Bunday nufuzli Universiada sport o‘yinlarida qatnashish har bir yigit-qizning orzusi, – dedi Farg‘ona politexnika instituti talabasi Sitora Qo‘ziyeva. – Bu musobaqa biz yoshlarni bellashuvlarga chorlaydi, o‘zimizga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini mustahkamlaydi.

– Prezidentimizning Universiada qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi qalbimizni to‘lqinlantirdi, bizga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, – dedi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Farrux Asatullayev. – Men mamlakatimizda o‘tkaziladigan uch bosqichli sport tizimining barcha bo‘g‘inlarida ishtirok etayotganimdan xursandman. Bu sport tizimi biz, yoshlarning katta sportda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishimizda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.

– Universiadaning taekvondo bo‘yicha o‘tkaziladigan bellashuvlarida qatnashaman, – deydi Buxoro davlat universiteti talabasi Farangiz Ismoilova. – Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari, jumladan, taekvondoning uch bosqichli uzluksiz sport tizimiga kiritilishi biz, yosh sportchilarning xalqaro maydondagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishimizga katta zamin yaratadi. Farg‘onaning go‘zalligi, ozodaligi har qanday kishini havasini tortadi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar musobaqa ishtirokchilarini yangi-yangi marralar sari chorlaydi.

Musobaqa qatnashchilari uchun qiziqarli va ko‘ngilochar tadbirlarga boy katta madaniy dastur tayyorlangan. Unda taniqli sportchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar, Farg‘ona shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli shou-konsertlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

“Universiada – 2016” sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan yakunlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev ishtirok etdi.