Mamlakatimiz sportchilarining xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelayotganida milliy terma jamoalarda faoliyat olib borayotgan xorijiy murabbiy-mutaxassislarning alohida o‘rni bor.
Bu, o‘tgan davr mobaynida sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlarida, xalqaro turnirlarda qo‘lga kiritilgan natijalarda o‘z aksini topdi.

Xususan, boks, dzyudo, og‘ir atletika, sport kurashlari, futbol, qilichbozlik, taekvondo, suv sport turlari, kamondan otish kabi yo‘nalishlarda mahoratli sportchilarimizning Olimpiya o‘yinlari g‘olibligiga erishishida, jahon chempionligi maqomiga ko‘tarilishida mahalliy murabbiylar qatorida xorijiy mutaxassislarning munosib xizmati bo‘ldi.

Olimpiya shaharchasida sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov boshchiligida milliy terma jamoalarga xorijiy murabbiylarni jalb qilish, ular bilan mehnat shartnomalarini imzolash kabi masalalarga bag‘ishlangan navbatdagi ekspert komissiyasi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi, boks, velosport, yengil atletika, og‘ir atletika, dzyudo, zamonaviy beshkurash, kamondan otish, Rowing & Canoe, suzish federatsiyalari, shuningdek sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablarining rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda jalb etilayotgan xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari tuzishda qaysi omillarga e’tibor qaratish zarurligi xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbirda terma jamoalarda ish olib borayotgan xorijiy mutaxassislarning aniq natijalarga erishishi va terma jamoani munosib tayyorlash borasidagi faoliyatini tanqidiy nazorat qilib borish, tahlil etish, monitoring ishlarida samaradorlikka erishish yuzasidan muhim masalalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA