XXI asrning globallashuv sharoitida diplomatiya nafaqat davlat rahbarlari, balki keng jamoatchilik, madaniyat va sport vakillari ishtirokida xalq diplomatiyasi shaklida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston mustaqillikdan buyon mintaqaviy barqarorlik va xalqaro hamjihatlik siyosatini olib bormoqda. Ayniqsa, 2017 yildan boshlangan ochiqlik siyosati xalq diplomatiyasini mamlakatning "yumshoq kuchi", xalqaro imiji va barqaror rivojlanish strategiyasining ajralmas komponentiga aylantirdi.
O‘zbekiston uchun xalq diplomatiyasi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u mamlakatning global maydondagi ijobiy imijini shakllantirish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, turizm, ta’lim, investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish hamda Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Xalqaro muloqotning kuchli vositasi
Sport nafaqat jismoniy faollik, balki xalqaro do‘stlik, tinchlik va o‘zaro ishonchning eng samimiy ifodasidir. Bugungi kunda sportni xalqaro diplomatiya va muloqotning kuchli vositasi sifatida ko‘rmoqdamiz. O‘rta Osiyoda qadimdan kurash, chavandozlik kabi sport turlari nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki ma’naviy kamolot maktabi bo‘lib kelgan. Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlardagi u-shu, sambo, kabaddi kabi sport turlari ham milliy ruh va birlikni ifodalab, xalqlarni tarixiy jihatdan birlashtiruvchi qadimiy merosdir.
Sport diplomatiyasi globallashuv davrida xalqlar o‘rtasida tinchlikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va hamkorlikni rivojlantirishning eng samarali yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sport orqali turli millat, til va din vakillari bir maydonda, bir maqsad yo‘lida birlashmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Sport – bu xalqaro muloqotning eng samarali shaklidir. U insonlar o‘rtasida ishonch, hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlaydi”.
Tarixiy muvaffaqiyatlar
2024 yilda Fransiya poytaxti Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun tarixiy muvaffaqiyat keltirib, mamlakatning xalqaro sport diplomatiyasi maydonidagi yuksak salohiyatini namoyon etdi. O‘zbekiston jamoasi Olimpiadada 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza – jami 13 ta medal qo‘lga kiritib, mamlakat tarixidagi eng yuqori olimpik ko‘rsatkichni qayd etdi va 206 mamlakat orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi. Ushbu yutuq yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirgan va yoshlar uchun ilhom manbai bo‘ldi.
O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ham ushbu g‘oyalarni amaliy faoliyatida ro‘yobga chiqarmoqda. Universitet SHHT davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Xitoy va Koreya kabi mamlakatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar va stajirovka dasturlari bo‘yicha memorandumlar imzolangan. Joriy yilning may oyida Xitoyda "Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari" ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro stol tennisi musobaqasida O‘zbekiston delegatsiyasining faol ishtiroki xalqaro do‘stlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Hozirda universitetda Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Tojikiston kabi davlatlardan kelgan xorijiy talabalar tahsil olmoqda. Shuningdek, 7 nafar xorijiy professorlar (Rossiya, Koreya va Turkiyadan) faoliyat olib borib, yosh mutaxassislarga o‘z tajribalarini o‘rgatmoqda. Universitet SHHT mamlakatlari sport universitetlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik, professor va talaba almashinuvini yanada kengaytirish tashabbusini ilgari surmoqda. Kelgusida qo‘shma magistratura dasturlarini joriy etish, sport menejmenti va diplomatiyasi bo‘yicha xalqaro yozgi maktablarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, sport — bu eng sof va insoniy diplomatiya bo‘lib, chegara bilmaydi. U so‘zsiz til, yurakdan yurakka o‘tuvchi muloqotdir. SHHT doirasida sport sohasidagi hamkorlik — nafaqat sog‘lom avlodni tarbiyalash, balki mintaqada tinchlik, ishonch va farovonlikni mustahkamlashning eng ishonchli yo‘lidir.
Jasur Zarifboyev,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori