Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport xabarlari
16:10 / 2026-02-16

Bugun, 16-fevral kuni Toshkentdagi "Yoshlik" sport majmuasida Rossiya, Chexiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning 500 nafardan ziyod o‘smir dzyudochilari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini boshlandi.

Joriy yilning 21-fevraliga qadar davom etadigan mazkur xalqaro yig‘in terma jamoalar uchun tajriba almashish bilan bir qatorda oldinda turgan qit’a birinchiligiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

***

Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari g‘olibligiga erishgan yengilmas bokschimiz Bahodir Jalolov ayni kunlarda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Qirg‘izistonda olib bormoqda.

Joriy yil mart oyida Londonda bo‘ladigan navbatdagi jangiga hozirlik ko‘rayotgan eng og‘ir vaznli professional bokschimiz Jalolov Issiq-Ko‘lda Rossiya/Qirg‘iziston vakili, yarim og‘ir vazn toifasida jahon chempioni Dmitriy Bivol bilan hamkorlikda mashg‘ulot olib bormoqda.

***

Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston U18 yoshlar terma jamoasi shu kunlarda Rossiya Federatsiyasining Almetevsk shahrida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.

Yosh xokkeychilarimiz mashg‘ulotlardan tashqari o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘tkazmoqda.

Bunday o‘yinlar tayyorgarlik jarayonining muhim qismi bo‘lib, xokkeychilarga qimmatli o‘yin amaliyotini qo‘lga kiritish hamda mashg‘ulotlarda o‘zlashtirilgan texnik-taktik usullarni amalda sinab ko‘rish imkonini bermoqda.

***

Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat “Al-Beruniy” III xalqaro turniri davom etmoqda.

Turnirda shaxmatchilar “Masters”, “Challengers”, “Futures” va “Open” guruhlarida raqobatlashmoqda.

Bugun, 16-fevral kuni barcha guruhlarda navbatdagi 4-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. “Masters” guruhida armanistonlik Aram Akobyan 2 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.

“Masters” guruhining markaziy uchrashuvida terma jamoamiz a’zolari Muhiddin Madaminov va Abdumalik Abdusalimov ro‘baro‘ keladi.

9 ta turdan iborat musobaqalar 22-fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA