Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport xabarlari
16:32 / 2025-12-29

Boks: 2025 yilning aprel–dekabr oylarida Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boks bo‘yicha WBC Gran-prisi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Mujibillo Tursunov super yengil vazn toifasida finalgacha yetib borib, musobaqani ikkinchi o‘rin bilan yakunladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u turnir davomidagi janglari uchun umumiy hisobda 170 ming AQSH dollari miqdorida gonorarga ega bo‘ldi.

***

Qishki sport turlari: Xalqaro konkichilar ittifoqi (ISU) konkida yugurish, short-trek, figurali uchish va sinxron konkida uchish yo‘nalishlarini qamrab olgan yagona jahon chempionati loyihasini ishlab chiqmoqda. Mazkur konsepsiya 2026 yil bahorida taqdim etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytgacha ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha jahon chempionatlari alohida joy va vaqtlarda o‘tkazib kelingan.

***

Taekvondo WT: Butunjahon taekvondo federatsiyasi 2025 yil yakuni bo‘yicha jahon reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Najmiddin Qosimxo‘jayev (-74 kg) va Svetlana Osipova (+73 kg) o‘z vazn toifalarida yilni birinchi o‘rinda yakunladi. Qayd etish joiz, Qosimxo‘jayev joriy yil jahon chempionatida oltin, Osipova esa kumush medalni qo‘lga kiritgan.

***

Ot sporti:  BAAning Al-Ayn shahrida CSI3* toifasidagi xalqaro ot sporti musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdurahmon Abdullayev 145 santimetrli to‘siqlardan sakrash dasturida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

***

Dzyudo: Xalqaro dzyudo federatsiyasi “IJF Judo Awards 2025” tanlovi bo‘yicha nominantlarni e’lon qildi. Unda Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova dzyudo klubi “Bolalar uchun yilning eng yaxshi loyihasi” deb topildi.

***

Formula 1: 2013 yil 29 dekabr kuni Formula-1 afsonasi Mixael Shumaxer bilan bog‘liq baxtsiz hodisa ro‘y berganiga bugun 12 yil bo‘ldi. Shundan buyon sportchining sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlar oila a’zolari xohishi bilan maxfiy saqlanmoqda. Uning ahvoli bilan cheklangan doiradagi tibbiyot mutaxassislari shug‘ullanib kelmoqda.

***

Futbol: OCHL-2 doirasidagi so‘nggi rasmiy uchrashuvdan keyin qishki ta’tilga chiqqan “Andijon” klubi yangi mavsumga tayyorgarlikni 5 yanvardan boshlaydi. Dastlab jamoa a’zolari Toshkentda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini Turkiyaning Antaliya shahrida ikki bosqichda o‘tkazilib, 18 fevral kuni yakunlanishi rejalashtirilgan. Tayyorgarlik jarayonida 10 ta nazorat uchrashuvi o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA