Yil davomida xalqaro maydonlarda yuqori natijalarga erishgan Farg‘ona viloyati sportchilari taqdirlandi. Taqdirlash marosimi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida viloyat hokimining yoshlar bilan uchrashuvi doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatda sportni rivojlantirish va ommalashtirishga, nufuzli musobaqalarda erishgan yuqori natijalari bilan yurtimizning xalqaro maydondagi shon-shuhratini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan 54 nafar sportchiga viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi shu kunlarda Turkiyaning Belek shahrida navbatdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Terma jamoamiz safidan 16 nafar eshkak eshuvchimiz o‘rin olgan bo‘lib, ular 2024 yilning aprel oyida Yaponiyada o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beradigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mashg‘ulotlar bir kunda ikki mahal suvda va sport zalida o‘tkazilyapti. Murabbiylar shtabi baydarka va kanoechilarimizning jismoniy tayyorgarliklarini yaxshilashga ahamiyat qaratgan.
Yig‘in kelasi yilning 4 yanvar kuniga qadar o‘tkaziladi. Sportchilarimizga Aleksandr Ponomaryov, Vyacheslav Sergeyev, Violita Shubina va Rustam Mirzadiyorov murabbiylik qilmoqda.
* * *
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida para pauerlifting bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tdi. Unda umumjamoa hisobida Xorazm viloyati jamoasi birinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikdan esa Namangan viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari joy oldi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan viloyat jamoalari maxsus kuboklar bilan taqdirlandi.
* * *
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi “Alpomish” sport saroyida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati boshlandi. Musobaqada erkaklar va ayollar 8 ta vazn toifasida bahs olib boradi. Mamlakat birinchiligida 22 dekabr kuni pumse bellashuvlari o‘tkazilsa, 23-24 dekabr kunlari kyorugi yo‘nalishidagi janglarga start beriladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi o‘tkazilmoqda. Musobaqada yurtimizning eng kuchli yosh bokschilari mamlakat kubogi uchun ringga chiqadi. Kubok bahslari 15 vazn toifasida 27 dekabr kuniga qadar bo‘lib o‘tadi.
Darvoqe, 25-28 dekabr kunlari poytaxtimizda kikboksing bo‘yicha Murod Xonto‘rayev xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkaziladi.
* * *
Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 41 davlatdan 650 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Malika Jumayeva blits yo‘nalishida 9 turdan so‘ng 7 ochko jamg‘arib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
* * *
Mamlakatimizda futbol bo‘yicha yakunlangan mavsumda eng yaxshi futbolchini aniqlash jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. PFL ushbu sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan to‘rt o‘yinchi nomini ma’lum qildi:
Islom Kenjaboyev (“Qizilqum”) – 24 ta o‘yin, 8 ta gol va 2 ta assist.
Rubin Xebay (“Andijon”) – 24 ta o‘yin, 12 ta gol va 3 ta assist.
Zabixullo O‘rinboyev (“Metallurg”) – 23 ta o‘yin, 7 ta gol va 3 ta assist.
Dragan Cheran (“Paxtakor”) – 22 ta o‘yin, 13 ta gol va 3 ta assist.
O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi Marokashga qarshi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Shuningdek, Angliya liga kubogi yarim finali uchun qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, musobaqa finaliga chiqish uchun “Midlsbro” – “Chelsi”, “Liverpul” – “Fulxem” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvlar 8 yanvar, javob o‘yini esa 22 yanvar kuni o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA