Sport xabarlari
FUTBOL: Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasining nimchorak finalida Eronning “Istiqlol” jamoasini 2:1 hisobida taslim etdi.
FUTBOL: Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasining nimchorak finalida Eronning “Istiqlol” jamoasini 2:1 hisobida taslim etdi.
Qatarda boʻlib oʻtayotgan turnirning ushbu uchrashuvi 32-daqiqasida tajribali Ali Karimi hisobni ochgan boʻlsa, 43-daqiqada Dragan Cheran hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi boʻlimning 47-daqiqasida shveysariyalik hujumchi Eren Derdiyok raqib darvozasini ishgʻol etib, “Paxtakor”ning gʻalabasini taʼminladi.
Eslatib oʻtamiz, bugun Osiyo Chempionlar ligasining chorak final bahsiga qurʼa tashlanadi.
***
Ot sport: Poytaxtimizdagi “Universal Jumping Agro” ot sporti klubida konkur yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi. Unda B.Kurbanov, B.Gaziyev, D.Abduraxmonov, U.Kamilov, M.Adilov, O.Sobirjonov kabi chavandozlar turli balandlikdan sakrash boʻyicha mamlakat chempioniga aylandi.
***
Gimnastika: Ukrainaning Kiyev shahrida sport gimnastikasi boʻyicha oʻtgan xalqaro musobaqada ayollar oʻrtasida tayanib sakrash boʻyicha oʻtgan bellashuvlarda Oksana Chusovitina mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
Oksana oʻzining yuksak tajribasi va gʻalabaga boʻlgan intilishi sabab, keskin va murosasiz oʻtgan bahslarda barcha raqibalarini orta qoldirib, oltin medalga sazovor boʻldi.
***
Ommaviy sport:Sirdaryo viloyati hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan pandemiya davrida jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholi, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etish, ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyatini targʻib etish maqsadida Guliston, Yangiyer hamda Shirin shaharlarida “Sogʻlik uchun 5000 qadam” shiori ostida ommaviy yurish tadbirlari tashkil etildi.
Ushbu ommaviy tadbirlarda mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi aholining barcha qatlami, keksalar va nuroniylar, ayollar va yoshlar belgilab berilgan masofani piyoda bosib oʻtishdi. Ommaviy sport tadbirida 2 ming nafarga yaqin aholi jalb etildi.