Sport xabarlari
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Dubayda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Ajman” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Futbol. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Dubayda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Ajman” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.Uchrashuvning ikkala bo‘limida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiylar shtabi ikki xil tarkibni maydonga tushirdi. Birinchi bo‘limda Jamshid Iskandarov, Doston Hamdamov va Eldor Shomurodov raqib darvozasiga to‘p kiritgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Javohir Rasulov 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirdi va terma jamoamiz 4:0 hisobidagi ishonchli g‘alabaga erishdi.
* * *
Engil atletika. Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda yosh sportchilarimiz munosib ishtirok etdi.
400 metrga yugurish bahslarida Shohrux Barotov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Uzunlikka sakrashda Alislom Nagiyev kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasidagi uzunlikka sakrashda O‘g‘iloy Abdulazizova birinchi, Elmira Gazizova uchinchi o‘rinni egalladi. Elmira, shuningdek, 200 metrga yugurishda kumush medal bilan taqdirlandi.