English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport vazirligining hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi
15:17 / 2025-07-08

Sport vazirligining birinchi yarim yillik faoliyati yakunlari bo‘yicha kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda sport turlari bo‘yicha 2025 yilda bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli kompleks sport musobaqalariga tayyorgarlik holati, "Los-Anjeles-2028" yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining munosib ishtirokini ta’minlashning ustuvor vazifalari, ommaviy sport musobaqalari, xususan “Yangi O‘zbekiston, Olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlari kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti direktori Odil Abdurahmonov, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbarlari, sport federatsiya va assotsiatsiyalarining mas’ullari, boshqarma va bo‘lim mutasaddilari, mutaxassislar ishtirok etgan yig‘ilishda bugungi kunga qadar xalqaro sport maydonlarida o‘tgan kompleks musobaqalarda milliy terma jamoalar tomonidan erishilgan natijalar tahlil etildi. Har bir sport turi bo‘yicha yutuq va kamchiliklar, sportchi va murabbiylarning ruhiy muvozanati, olib borilayotgan mashg‘ulot jarayonlari, yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi muhokama etildi.

Ta’kidlash lozimki, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2025 yil uchun Respublika taqvim rejasiga asosan, joriy yil 6 ta yirik kompleks musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar sportchilari Germaniyada o‘tadigan "Butunjahon yozgi universiada", Ozarbayjonda bo‘ladigan "MDH davlatlari xalqaro sport o‘yinlari", Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan "Islom birdamligi o‘yinlari" kompleks musobaqalari hamda jahon va Osiyo chempionatlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Yig‘ilish davomida ayni shu masalaga alohida e’tibor qaratilib, sportchilarning jismonan va ruhan tayyorgarlik ko‘rishlariga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi, bunda murabbiylar va sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, sport turlari va sport turining tarmoqlarini e’tirof etish reyestriga kiritishning yangi tartibi va bu borada sport tashkilotlarining mas’uliyati hamda sport ta’lim muassasalari va tizim tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

Har bir yo‘nalish, ilgari surilgan mavzular bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida samaradorlikka erishish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tegishli sport turlariga yo‘naltirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA