«Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida «Olimpiya shaharchasi»ni ko‘zdan kechirdi. O‘rganish davomida sportchilarimizga ushbu manzilda yaratilgan shart-sharoitlar ko‘rib chiqildi.
Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilarimiz bilan ham samimiy muloqot o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Sport vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlash lozimki, sportchilarimiz musobaqalarga yuqori kayfiyatda va a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Futbolchilarimiz bilan uchrashuv davomida mutasaddilar bugungi Ispaniya jamoasi bilan bo‘ladigan bahsda ularga omad va zafarlar tiladi.
Shu bilan birga, sportchilarimizning ovqatlanish, tibbiy xizmat va yotoqxonalari ham ko‘rib chiqildi.
Shtab vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda rejalashtirilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, yuqori kayfiyatda barcha sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan xalqaro sport vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA