Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport vaziri 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi
11:16 / 2026-03-05

O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatidagi sport ta’lim muassasalarining faoliyati, seleksiya ishlari hamda joriy yilda qadimiy kentda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi.

O‘rganish davomida sport maktablaridagi o‘quv jarayonlari, ularning moddiy-texnika bazasi, murabbiylarning malakasini oshirish va sportchilarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Toyloq hamda Samarqand tumanlari 1-son sport maktablarining faoliyati, murabbiylar salohiyati, sportchilarga yaratilgan sharoitlar, erishilgan natijalar va seleksiya ishlari tanqidiy baholandi.  

Ishchi guruh Samarqand shahrida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilish-montaj ishlarini ko‘zdan kechirdi. 

Ushbu markaz sport zal, besh qavatli yotoqxona, oshxona hamda ma’muriyat binosidan iborat bo‘ladi. Inshoot Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xizmat qiladi. Bu yerda yoshlar badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, sport akrobatikasi va trampolin bilan shug‘ullanadi. Markazga 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 132 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchi qabul qilinadi. O‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi va bitiruvchilarga gimnastika sport turlari murabbiyi mutaxassisligi beriladi. 

Sport vaziri 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkaziladigan “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida bo‘lib, shaxmatchilar uchun qulay sharoit yaratish, hududni musobaqa talablari darajasida jihozlash kerakligini ta’kidladi.  

O‘rganish natijalari bo‘yicha sport vaziri Adham Ikromov va Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev ishtirokida sport sohasi mas’ullari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda tizimdagi muammolar atroflicha muhokama qilinib, viloyatda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Xususan, o‘tgan yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarida viloyat sportchilari erishgan natijalar qoniqarsiz ekani qayd etildi.  

– Viloyatdagi ikkita olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi va yana bir nechta sport muassasalari qoniqarsiz faoliyat yuritmoqda, – dedi sport vaziri Adham Ikromov. – Respublikamizning aksariyat hududlarida bunday markazlar soni bitta, lekin Samarqandda ikkita markaz bo‘lsa-da, ular talab darajasida faoliyat yuritmayapti. Misol uchun, o‘tgan yil o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida Toyloq olimpiya markazi sportchilari birorta sport turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritmagan.

Yig‘ilishda ushbu muassasa  direktori ishdan olingani ma’lum qilingan bo‘lsa, Samarqand shahridagi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi rahbariga ogohlantirish berildi.  

Muloqot davomida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2026-yilgi mavsumiga start berilgani, musobaqa nizomiga kiritilgan  o‘zgarishlar hamda ommaviy targ‘ibot masalalari taqdimot ko‘rinishida tushuntirildi. Mazkur olimpiadaning o‘tgan yilgi mavsumida Samarqand viloyati birinchi o‘rinni egallagani, bu yil ham ushbu natijani takrorlash uchun musobaqalarda mahalla yoshlarining faol ishtirokini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari