English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport ta’limida Xitoy tajribasi qo‘llaniladi
16:12 / 2024-05-15

Yengil konstruksiyali sport majmualarini bunyod etish, xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish, ilg‘or texnologiyalardan keng foydalanish har qanday mamlakatning sport taraqqiyotiga xizmat qilishi tayin.

Shu jihatdan, Xitoy sport tajribasining ilg‘or jihatlarini yurtimizda joriy etish, O‘zbekiston sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.  

Ayni kunlarda Xitoy davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ushbu mamlakatda sport ta’limining ilg‘or jihatlari, yangicha formatdagi dars o‘tish, mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishmoqda.  

Aytish lozim, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Xitoyning Pekin sport universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.  

Hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari Pekin sport universiteti rektori Jang Jian boshchiligidagi xitoylik sport ta’limi vakillari bilan  uchrashuv o‘tkazdi.  

Uchrashuvda nafaqat ikki oliygoh, balki O‘zbekiston-Xitoy sporti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati muhokama qilinib, malakali kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish, tadqiqot ishlari sifatini yaxshilash, sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirish hamda kelgusidagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.  

Suhbat yakunida Pekin sport universiteti jamoasi O‘zbekiston sport ta’limini rivojlantirishda o‘z tajribalari bilan amaliy yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA