Jizzax davlat pedagogika universitetida jismoniy tarbiya va sportning innovatsion rivojiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. “Innovatsion, raqamlashtirilgan va globallashgan jamiyatda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni hamda vazifalari” mavzusida tashkil etilgan ushbu anjuman soha mutaxassislari, olimlar, ilmiy tadqiqotchilar hamda amaliyotda faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislarni bir joyga jamladi.
Ushbu konferensiyada Angliya, Turkiya, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston va qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, fan doktorlari va xalqaro darajadagi mutaxassislar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalarini taqdim etdilar. Ular qatorida Buyuk Britaniyaning University of East London, Turkiyaning Istanbul Universitesi-Cerrahpaşa, Pokistonning Haripur University, Rossiyaning Stavropol shahridagi oliygohlar, Janubiy Qozog‘iston universiteti, Qozog‘iston Milliy universiteti va boshqa nufuzli ta’lim muassasalarini vakillari ham ham ishtiok etishdi.
Tadbirni universitet rektori, professor Maqsudjon Yo‘ldoshev ochib, o‘z nutqida jismoniy tarbiya va sport sohasini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. U xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish ta’lim sifati va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali tashkil etishda katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
[gallery-26342]
– Bugungi konferensiya nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki amaliyotga tatbiq etish mumkin bo‘lgan taklif va g‘oyalarni belgilab olish uchun muhim platforma ham hisoblanadi, – dedi JDPU rektori. – Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi har bir ilmiy yondashuv, har bir innovatsion g‘oya ta’lim sifati, talabalarning jismoniy ko‘rsatkichlari va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Anjumanda sohaga oid qator dolzarb masalalar – jismoniy sog‘lomlik va sportning o‘zaro bog‘liqligi, sport tibbiyoti va sport psixologiyasidagi zamonaviy yondashuvlar, raqamlashtirilgan jismoniy tarbiya tizimini joriy etish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilish kabi mavzularda xalqaro ekspertlarning ma’ruza va taqdimotlari tinglandi. Xususan, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Pokistondan kelgan mutaxassislar o‘z mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalarni taqdim etdilar.
Tadbir davomida xorijlik mehmonlarga an’analarimizga xos o‘zbek milliy liboslari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuningdek, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari innovatsion ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish, sportni ommalashtirish va ta’lim dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Konferensiya o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borilib, millatlararo ilmiy muloqot va tajriba almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Uning natijalari sport va jismoniy tarbiya sohasida ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar universitet hamda jismoniy tarbiya va sport fakultetida yaratilgan sharoitlar, laboratoriyalar va zamonaviy sport inshootlari bilan tanishdilar. Shu bilan birga, xorijlik mehmonlar oliygoh hududida joylashgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurishib, tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari