English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport ta’limi: xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
10:43 / 2024-10-13

Mamlakatimizda sport ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida xalqaro hamkorlik aloqalari keng rivojlanmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSH, Rossiya, Belarus kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan sport ta’limining ilg‘or tajribalarini tatbiq etish borasida keng miqyosli aloqalar o‘rnatildi.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Belarus Olimpiya akademiyasi raisi Natalya Aponchuk, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti qoshidagi qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti direktori Oleg Lusevich, Rossiya Federatsiyasi Perm ijtimoiy-pedagogika universiteti jismoniy tarbiya kafedrasi mudiri Yelena Starkova bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida mehmonlar universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, axborot-resurs markazi, kurash zali, qishki sport turlariga tayyorlash simulyatsiya majmuasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti laboratoriyalari, talabalar turar joyi, sport saroyini ko‘zdan kechirdi.  

Ilg‘or tajribalar, innovatsion tajribalarni o‘rtoqlashish mavzusidagi muloqot chog‘ida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov mehmonlarga mamlakatimizda professional sportchilarni tayyorlaydigan malakali mutaxassislarni tayyorlash, sport ta’limi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, yoshlar o‘rtasida O‘zbekistonda o‘tadigan “Toshkent-2025” o‘yinlarini tashkil etishda jismoniy tarbiya va sport ta’limi mutaxassislari oldida turgan vazifalar, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda ishlab chiqilgan aniq manzilli dasturlar ijrosini ta’minlash xususida so‘zlab berdi.

Suhbat yakunida davlatlararo imzolangan bir qator rasmiy hujjatlarda belgilangan jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi vazifalarning ijro holati tahlil qilindi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA