O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim tashkilotlarida xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi sport-ta’lim tashkilotlarida autsorsingga o‘tkaziladigan xizmatlar ro‘yxati, shuningdek, sport-ta’lim tashkilotlarida xizmatlar ko‘rsatishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda sport-ta’lim tashkilotlarida qaysi xizmatlar autsorsing asosida ko‘rsatilishi belgilab berilgan.
Autsorsing asosida ovqatlantirishni tashkil etishda autsorserga vaqtincha foydalanadigan oshxonaning ishlab chiqarish xonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebel jihozlari tekin foydalanish shartnomasi asosida beriladi.
Xizmatlar ko‘rsatilishi autsorsing asosida tashkil etilishi munosabati bilan tejalgan Davlat byudjeti mablag‘lari, birinchi navbatda, sport-ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Sport-ta’lim tashkilotlarida autsorsing asosida ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar, ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligi, shuningdek, oshxonalar xodimlari tomonidan sanitariya-gigiyena tadbirlari bajarilishiga qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat olib boriladi.
2024 yil 1 yanvarga qadar kamida 10 ta sport-ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirish autsorsing asosida tashkil etiladi.
O‘zA