Sirdaryo viloyati hokimligi majlislar zalida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov ishtirokida sport sohasini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor shaklida o‘tkazilgan tadbirda viloyat sport boshqarmasi, sport ta’lim muassasalari, sport federatsiyalari, hamkor tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mas’ullari, shuningdek, tuman va shahar hokimliklari studiyalari orqali hududlar vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda viloyatda ommaviy sportni rivojlantirish, aholini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, Besh tashabbus olimpiadasining 2026-yilgi mavsumiga start berilgani ta’kidlanib, uni keng targ‘ib qilish va yoshlarni musobaqalarga faol jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur olimpiadaning o‘tgan yilgi mavsumi yakunlariga ko‘ra Sirdaryo viloyati yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan. Bunda sport maktablari murabbiylari va sportchilar bilan bir qatorda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarining fidokorona mehnati ham muhim ahamiyat kasb etgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari, trener-seleksionerlar, ijtimoiy xodimlar, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari hamda mahalla faollari yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning iqtidorini aniqlash va musobaqalarda yuqori natijalarga erishish borasidagi amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2025-yilda o‘tkazilgan Prezident olimpiadasi sport musobaqalarida viloyat sportchilari tomonidan qayd etilgan natijalar tahlil qilinib, kelgusida ularni yanada yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, Sport vazirligi tomonidan joriy etilgan ERP Sport yagona elektron boshqaruv tizimi orqali yoshlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobotlarni shakllantirish va ma’lumotlar haqqoniyligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga ommaviy sport qamrovini yanada kengaytirish, yoshlarni sport musobaqalariga keng jalb etish, elektron ro‘yxatga olish tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA