Kundalik hayotimizda sportning o‘rni beqiyos. U inson salomatligini mustahkamlash bilan birga, ijtimoiy hayotda do‘stlik, hamkorlik, raqobat va o‘z-o‘zini rivojlantirish ruhini shakllantiradi.
Hozir yurtimizda imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham sport orqali yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, adaptiv sport sohasida erishilayotgan yutuqlar bunga yaqqol misoldir.
Bo‘stonliq tumani Yoshlik mahallasida yashovchi Feruza Muslimova ana shunday sport orqali hayotini o‘zgartirgan insonlardan. U bugun o‘zining irodasi, sabr-toqati va tirishqoqligi bilan ko‘plab nogironligi bor shaxslarga namuna bo‘lib kelmoqda.

Feruza opa 16 yoshida ko‘z nuridan ayrila boshlagan. Ortda esa bir necha og‘ir muolajalar, uch marta bajarilgan jarrohlik amaliyotlari, tushkunlik va yolg‘izlik. Hayotga bo‘lgan ishonchini deyarli yo‘qotgan onlarda unga qo‘l uzatganlar mahalla faollari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari bo‘ldi. Ular Feruza opani sportga yo‘naltirdi. Ana shu daqiqadan boshlab uning hayot sahifasi o‘zgacha yozila boshladi.
– Avvallari o‘zimni jamiyatdan yiroq his qilardim. Uydan chiqmay o‘tirardim. Lekin sport hayotimni butkul o‘zgartirdi, – deydi F. Muslimova.

Hozirda u Bo‘stonliq tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida para yengil atletika bo‘yicha shug‘ullanmoqda. Uning mashg‘ulotlariga Oliy toifali sport ustasi, mohir murabbiy Sherzod Turg‘unov rahbarlik qiladi. Uning aytishicha, Feruza opaning harakati, matonati va irodasi boshqalarga ham kuch-ishonch bag‘ishlamoqda. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumanida para yengil atletika bilan shug‘ullanayotganlar soni 36 nafarni tashkil etib, ular 9 ta guruhga bo‘lingan.
Muhimi, tuman bu borada viloyatdagi faol hududlardan biridir. Xususan, Toshkent viloyatida 178 ta guruhda 806 nafar sportchi va 107 nafar malakali murabbiy faoliyat olib bormoqda. Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga sport orqali yangi hayot eshiklarini ochmoqda.
Feruza Muslimovaning sabr-toqati, mehnati va ijtimoiy yordam tufayli erishilgan yutuqlari ko‘plab yurtdoshlarimizga umid, ishonch va ruh bag‘ishlashi shubhasiz.
A.Musayev, O‘zA.