Davlatimiz rahbarining “Aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari vazirlik, idora va tashkilotlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini mamlakatimizda umummilliy harakatga aylantirish tadbirlari davlat tashkilotlari xodimlari o‘rtasida ham keng qamrov olayotganligi ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Yil davomida mamlakatimiz aholisining 213 031 nafari «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlarini topshirish istagini bildirganligining o‘ziyoq sog‘lom turmush tarzi tamoyillari xalqimiz orasida yildan yilga ommalashayotganligidan darak beradi.
Sport sinovlarini topshirishda mamlakatimizdagi 27 ta vazirlik, idora va tashkilot xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi hamda 207 ta tuman (shahar) hokimliklari vakillari qatnashishdi.
O‘tkazilgan sport sinovlarida davlat tashkilotlari orasida eng yaxshi natijaga Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari erishganligi natijalarda o‘z aksini topdi.
Shu munosabat bilan Raqamli texnologiyalar vazirligining bir guruh xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Durdona Rahimova ishtirok etgan tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi mehnat jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va xodimlarining jismoniy faolligi darajasini oshirish borasidagi sa’yi-harakatlari e’tirof etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA