Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport sinovlari: salomatlikka e’tibor qaratganlar e’tirofga loyiq ko‘riladi
11:12 / 2026-02-24

Har qanday muvaffaqiyatning tag zamini salomatlik, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy barkamollik hisoblanadi.

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini muntazam o‘tkazish orqali aholini ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanuvchilar safini kengaytirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili yurtimiz mahallalarida, o‘quv dargohlarida, tashkilot va korxonalarda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini tizimli tarzda o‘tkazish vazifasi belgilangan.

Ortda qolgan 2025-yilda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini qabul qilish ishlari natijasida mamlakatimizning 7 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi 5,8 million nafar aholi ixtiyoriy va maxsus talablar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tib, ularning 5,4 million nafaridan sport sinovlari qabul qilingani ahamiyatli bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan joriy yilning 21-fevralidan yurtimizda istiqomat qilayotgan 7 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagilardan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida ishtirok etishlari uchun my.sport.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tish boshlangani e’lon qilindi.

Xo‘sh, sport sinovlarini joylarda tizimli tashkil etish, aholining salomatlik darajasini baholash mezonlari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga qay tarzda ta’sir ko‘rsatmoqda?

Aytish lozim, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari tadbirlari 2022-yildan beri tizimli tarzda tashkil etib kelinmoqda.

O‘tgan yillar davomida yurtimizda turli jabhalarda qo‘lga kiritilgan yuksak natijalarda, xalqaro darajadagi o‘ziga xos ko‘rsatkichlarda salomatlik tadbirlarining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining o‘rni beqiyos bo‘lgani sir emas.

Sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili sport sinovlari tadbirlarida qatnashib, maxsus talablar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlikka erishgan maktab o‘quvchilarining 31 ming 789 nafari I, II va III darajali ko‘krak nishonlari hamda eng yuqori natija ko‘rsatgan 5 ming 129 nafar yosh esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi tufayli ular orqali mahallalarga, oilalarga salomatlik harakati epkini kirib bordi.

O‘tgan yil holatida yurtimizdagi 165 mingta oliy ta’lim muassasalarining 190 ming nafarga yaqin talaba-yoshlari, 9 mingdan ziyod mahallaning 335 ming nafardan ziyod aholisidan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” qabul qilindi.

Bu, eng avvalo, joylarda sog‘lom turmush tarziga qiziquvchi aholi sonining ortishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyin yoshlar o‘rtasida havaskor va professional darajada sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini oshirishga, yuqori malakali sportchilarni bosqichma-bosqich tayyorlash tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sport sinovlarining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” talablarini muvaffaqiyatli bajarishda faollik ko‘rsatganlar, sport sinovlarining maxsus talablarini 4 ta yosh toifasidagi guruh bo‘yicha topshirib, I, II va III darajali ko‘krak nishonlaridan birini qo‘lga kiritganlar tegishli davlat mukofotlariga tavsiya etilishi nazarda tutilgan. Ushbu rag‘bat sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga rioya qilganlar nafaqat salomatliklarini mustahkamlaydi, balki davlat tomonidan e’tirofga ham loyiq ko‘riladi, deganidir.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA