Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish va salomatlikni mustahkamlash — davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga start berildi.
Tadbir tuman hokimligi, 1- va 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktablari, “Mahalla” uyushmasi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi — aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish va jismoniy holatni baholash orqali sog‘lomlik madaniyatini yuksaltirishdir.

Sport sinovlarida 30 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar faol ishtirok etishdi. Ular yugurish, uzatish va cho‘zilish mashqlari, jismoniy muvozanatni saqlash kabi yo‘nalishlarda o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi. Har bir ishtirokchining natijalari maxsus mezonlar asosida baholanib, ularning jismoniy tayyorgarlik darajasi aniqlandi.

– Bunday tadbirlar nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi, balki aholi o‘rtasida ijobiy kayfiyat, hamjihatlik va birdamlikni yanada kuchaytiradi, – deydi 1-sonli sport maktabi direktori Sarvar Normatov. – Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lomlik madaniyatini shakllantirishda sport sinovlarining ahamiyati katta.
Tadbirda nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillari ham faol ishtirok etishdi. Olmazor mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Zarofat Zarifova shunday deydi:

– Yoshim 61 da. Bugungi sport sinovlariga kelinim va nabiralarim bilan keldim. “Sport — sog‘lom turmush tarzi kafolati” degan gap juda to‘g‘ri ekan. Chunki sog‘liq — bu baxt. Uni asrash, qadriga yetish kerak. Ko‘p odamlar turli kasalliklardan shikoyat qiladi, ammo ularning oson va tabiiy davosi — sport. Agar kishi sog‘lom ovqatlanish va harakat qoidalariga amal qilsa, dard unga yo‘lamaydi. Yugurish musobaqalarida ishtirok etib, yanada tetiklashdim, yangi kuch va energiya oldim.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi. Sport murabbiylari hamda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilari tomonidan aholiga amaliy maslahatlar, jismoniy mashqlarni to‘g‘ri bajarish va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri