English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport sinovlari millat salomatligini mustahkamlaydi
13:35 / 2025-06-10

So‘nggi yillarda yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, jismoniy faollikni ommalashtirish va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston — 2030" strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon doirasidagi amaliy tadbirlar rejasi mamlakat bo‘ylab yosh avlodning jismoniy tayyorgarligini kompleks baholash va rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Bugun bu tashabbus umumta’lim maktablaridan tortib, oliy ta’lim muassasalarigacha bo‘lgan bosqichda samarali natijalar berayotgani amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamida o‘z aksini topmoqda.  

Ushbu muhim tashabbus doirasida 2025 yilning 19 aprel kuni “Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida mamlakatimizdagi mavjud 208 tuman va shahar maktab jamoalari uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlariga tantanali tarzda start berilgandi.  

O‘tgan davr mobaynida xususan, joriy yilning 1 aprelidan 17 mayigacha bo‘lgan muddatda mamlakatimizdagi 10 ming 134 ta umumta’lim maktablarining 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilari 5 yosh toifasida ixtiyoriy hamda maxsus talablar asosida sport sinovlarida ishtirok etdi. Elektron ro‘yxatdan o‘tish orqali 5 million 259 ming o‘quvchi test sinovlariga qatnashishdan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 4 million 927 ming nafari sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirdi.  

Sinov natijalariga ko‘ra, 336 ming o‘quvchi I-darajali, 916 ming II-darajali va 2 million 597 ming nafari III-darajali sertifikatlarga ega chiqdi. Yuqori sport ko‘rsatkichlari bilan ajralib turgan 13-17 yosh oralig‘idagi 58 ming nafar o‘quvchi esa ixtiyoriy sinovlardan tashqari maxsus talablar bo‘yicha ham o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi. Ularning 34 ming nafari ijobiy natijaga erishdi. Natijada 4 ming o‘quvchi I-daraja, 11 ming nafari II-daraja va 18,8 ming nafari III-darajali sertifikatlar bilan taqdirlandi.  

Sport sinovlari orqali qo‘lga kiritilgan mukofotlar, e’tiroflardan ham muhim jihati – ushbu tizim orqali oilalarga, mahalla va maktablarga ommaviy sport harakatining shamoli kirib bordi. Bu, yuzlab yoshlarning salomatligi yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir.  

“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining talabalar o‘rtasidagi bu yilgi tadbirlari har qachongidan ham samarali kechayotgani ko‘rsatkichlarda o‘z ifodasini topgan. Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish va sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga qaratilgan sport sinovlarining mashg‘ulotlari mamlakatimizdagi 161 ta oliy ta’lim muassasasi talabalarini qamrab oldi. May-iyun oylarining shu kunlarigacha o‘tgan davrda tegishli platforma orqali 168 ming 982 nafar talaba ro‘yxatdan o‘tib,  107 ming 219 nafar sinovlarda o‘z imkoniyatini chamalab ko‘rdi. Ularning 1 945 nafari  I-daraja, 8 ming 430 nafari II-daraja va 33 ming  296 nafari III-darajali mezon talablarini bajardi.  

2025 yil 30 may kuni bo‘lib o‘tgan “Universiada-2025” sport musobaqalari yakunida, eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan 27 nafar talaba ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Jismoniy tayyorgarlik sinovlarining tizimli yo‘lga qo‘yilishi yoshlarga o‘z imkoniyatlarini baholash ko‘nikmasini taqdim etmoqda. Qolaversa, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.  

Bu sa’y-harakatlar aholining jismoniy tayyorgarlik mezonini belgilashga qaratilgani, shuningdek, sog‘lom jamiyat va barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qilishi bilan qadrlidir.  

T.Ro‘ziyev,  

M.Ikromova, O‘zA