Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng joriy etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonida aholining yosh toifalari bo‘yicha barcha hududlarda har yili jismoniy tayyorgarlik sinovlarini o‘tkazish nazarda tutilgan.
Xo‘sh, mamlakatimizda jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qanday o‘tkazilmoqda? Bugungacha qaysi yosh toifalari bo‘yicha sport sinovlari qabul qilindiyu, kelgusida yana qaysi yosh toifalarida jismoniy tayyorgarlik holatlari ko‘rib chiqiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Umid Jo‘rayev O‘zA muxbiriga shu haqda so‘zlab berdi.

–Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 yanvardagi «Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan har yili mart-dekabr oylarida 5 ta yo‘nalishda ixtiyoriy va maxsus talablar bo‘yicha 11 ta yosh toifasida 7 yoshdan 70 yoshgacha hamda undan katta yoshdagi shaxslardan sport sinovlari qabul qilinishi belgilangan. Unga ko‘ra, joriy yilning mart-aprel oylarida 1-yo‘nalish – 7 yoshdan 17 yoshgacha, 2-yo‘nalish aprel-may oylarida – 18 yoshdan 29 yoshgacha, 3-yo‘nalish avgust-sentyabr oylarida – 30 yoshdan 49 yoshgacha, 4-yo‘nalish oktyabr-noyabr oylarida – 50 yosh va undan katta yoshdagi shaxslardan, 5-yo‘nalish dekabr oyida – davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qabul qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarini qabul qilish jarayonlarini tizimli tashkil etish, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, ma’lumotlar bazasini elektron yuritib borish maqsadida «Sport sinovlari» axborot tizimi ishga tushirilib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining platformalariga integratsiya qilindi.

Joriy yilning 12 mart-12 may kunlari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-17 yoshdagi 3 million nafar, shundan ixtiyoriy talablar bo‘yicha 2,9 million, maxsus talablar bo‘yicha 106 ming nafar o‘quvchilardan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 20 aprel-15 iyun kunlari oliy ta’lim muassasalarining 18-29 yoshdagi 141 ming nafar, shundan ixtiyoriy talablar bo‘yicha 129 ming, maxsus talablar bo‘yicha 12 ming nafar talabalardan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qabul qilindi. Ular tomonidan qayd etilgan natijalar «Sport sinovlari» axborot tizimi adm.sport.uz platformasiga kiritildi.
Joriy yilning avgust-oktyabr oylari davomida 30-39, 40-49 va 50-59 yoshdagi aholidan sport sinovlari qabul qilish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda hududlarda mavjud sport maktablari, ixtisoslashtirilgan sport maktablari trenerlari va mas’ul xodimlarga sport sinovlarini topshirish hamda qabul qilish yuzasidan seminar-treninglar doimiy tarzda tashkil etib kelinmoqda. Maqsad, yurtimizda istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamlarini ommaviy sport mashg‘ulotlariga qiziqishini oshirish asnosida yosh toifalarida jismoniy tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini aniqlash, monitoring ishlarini olib borishdan iborat, – deydi Umid Jo‘rayev.
Mutaxassisning so‘zlaridan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, bugungacha umumiy hisobda yurtimizdagi 7-29 yosh oralig‘idagilardan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qabul qilingan. Ayni tadbirlar orqali esa 3 milliondan ziyod aholi vakillari qalbiga sog‘lom turmush tarzining hayotbaxsh nihollari qadalgan bo‘lsa, kelgusida o‘tadigan yosh toifalari bo‘yicha sport sinovlari jismoniy faollikka oshno insonlar safini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
T. Ro‘ziyev, O‘zA