Sport – salomatlik garovi
Navoiy viloyatida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan ayollar sport festivalida 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.
Navoiy viloyatida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan ayollar sport festivalida 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida ayollar salomatligini mustahkamlash, ularni sportga keng jalb etish orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Viloyatda xotin-qizlar qo‘mitasining 1 ming 256 boshlang‘ich tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi kotibiyat mudiri Gulnoz Aslonova. – Ayniqsa, tumanlarda ayollarning faolligini yanada oshirish, ularni sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Festivalning quyi bosqichlariga qariyb to‘rt ming nafar sportsevar xotin-qiz jalb etildi. Sportning yetti turi bo‘yicha shahar va tuman jamoalari orasidan eng epchil va mahoratlilari saralab olindi.
Navoiy shahri jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Zarafshon shahri sportchilari ikkinchi, Navbahor tumani xotin-qizlari uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
– Bunday tadbirlar biz, keksa avlod vakillarini ham juda xursand qiladi, – deydi Xatirchi tumanidan 67 yoshli Oqqiz Oydinova. – Ilgari oyog‘im og‘rib, qon bosimim tez-tez oshib turardi. Mahallamizda tashkil etilgan sport to‘garagiga qatnashib, o‘zimni tetik seza boshladim. Hozir sog‘ligim juda yaxshi. Sport – salomatlik garovi ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.