Bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi hamda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan tadbir tashkil etildi.
“Elektron tijorat” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti, shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda respublika hududiga kurerlik jo‘natmalari orqali kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatining Denov shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 30 yoshli fuqaro o‘z nomiga Koreya Respublikasidan yuborilgan jo‘natmani qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tekshiruv jarayonida jo‘natma hujjatlarida sport ozuqasi sifatida rasmiylashtirilgan mahsulot aslida kukun shaklidagi oqsil tarkibiga “pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda mavjud bo‘lgan 1200 dona kapsula yashirin tarzda aralashtirib, jo‘natilgani aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA