English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatish cheklanadi
14:13 / 2026-02-05

Senat yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aniq belgilab berilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport sub’ektlari qatoriga Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi kiritilmoqda hamda ularning qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda.

Qonunda paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiya va ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, klublari va ligalarining huquqiy maqomi hamda faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari mustahkamlanmoqda.

Qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yangi normalar kiritilmoqda.

Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borishga e’tibor qaratilgan.

Qonunda davlat tomonidan sportchi hamda murabbiyga bir martalik va oylik to‘lov shaklidagi qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun sohani yanada rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.  

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan amaliyotda mavjud noaniqliklar va huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etiladi. Unda vazirlik va idoralarning hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sohaga oid vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan.  

N.Abduraimova,

F.Abdurasulov (surat), O‘zA