Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport maydonchalarida chempionlar tarbiyalanadi
18:32 / 2025-07-16

O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Momindjanov Sirdaryo viloyatida yoshlar uchun yaratilgan sport infratuzilmalari, seksiyalar faoliyati hamda musobaqalarga yoshlarni jalb etish ishlari bilan tanishdi.

Viloyatdagi amaliy muloqotlar jarayonida Oqoltin tumanidagi Yangi davr mahallasida barpo etilgan “Universal” sport maydonchasining ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Mazkur maydoncha “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yilgi Respublika bosqichida para yengil atletika yo‘nalishida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan mahalla yoshlari uchun Sport vazirligi tashabbusi bilan qurib berilgan.

– Bu kabi zamonaviy sport inshootlari yoshlarimizning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni sog‘lom hayot sari yetaklash uchun mustahkam zamin yaratadi. Har bir maydonchada kelajak chempionlari tarbiyalanishiga ishonaman, – dedi Sharifjon Momindjanov.

Sirdaryo viloyati yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”da joriy yil ham o‘z salohiyatini namoyon etdi. Yaqinda o‘tkazilgan Respublika bosqichida Shirin shahrining “Bunyodkor”, “Mirzo Ulug‘bek” va “Vatanparvar” mahallalari yoshlari 4 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, yuqori natija qayd etdi. G‘olib va sovrindorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ommaviy sport turlariga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida Sport vazirligi tomonidan ushbu mahallalar yoshlari uchun 3 ta “Universal” va 1 ta “Strit Vorkaut” sport maydonchasi qurib berildi. 

– Ochig‘i, bu kabi qo‘llab-quvvatlovlar nafaqat yoshlarimiz, balki mahalla faollari va sport ustozlari uchun ham katta rag‘bat. Sportga, sog‘lom hayotga bo‘lgan qiziqish kun sayin ortayotgani barchamizni quvontiradi, – deydi viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov.
Sport inshootlari faqatgina musobaqalar o‘tkaziladigan joy emas, balki yosh avlod tarbiyasining muhim maskani sifatida qaralayotgani barcha darajadagi rahbarlar e’tiborida ekani, shubhasiz, kelajakda Sirdaryodan yana ko‘plab chempionlar yetishib chiqishiga zamin yaratadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri