30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Shirin shahridagi 4 ta mahallada zamonaviy sport maydonchalari foydalanishga topshirildi. “Universal” va “Street Workout” turdagi ushbu inshootlar yoshlar uchun munosib tuhfa sifatida qad rostladi.
Bunyodkor, Mirzo Ulug‘bek va Vatanparvar mahallalarida “Universal” sport maydonlari, Farhod mahallasida esa “Street Workout” maydonchasi barpo etildi. Ushbu inshootlar O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashabbusi bilan, mahalliy yoshlarning respublika miqyosida erishgan sport yutuqlariga munosib tuhfa sifatida qurib berildi. Loyiha uchun Sport vazirligi tomonidan 1,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Ma’lumki, Shirinlik yoshlar joriy yilda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiyadasi”ning Respublika bosqichida 4 ta oltin va 2 ta kumush medalga erishgan edi. Yangi maydonlar aynan g‘olib va sovrindor yoshlar yashaydigan mahallalarda barpo etilgani ularning yutuqlari munosib e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyatining Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Buranov, Shirin shahar hokimi o‘rinbosari Farrux Alimov, shahar sport maktabi mutaxassislari, mahalla faollari, yoshlar, nuroniylar va sportchilar ishtirok etdi.
[gallery-24061]
– Yoshlarimiz uchun bunday sharoitlar yaratilayotgani qalbimizni faxr va shukronalik tuyg‘ulariga to‘ldiradi. Kuni kecha foydalanishga topshirilgan ushbu maydonlarni ko‘rib, vatan kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanini yana bir bor his qildik, – deydi mehnat faxriysi, mahalla faoli Yo‘lchivoy Minnazarov. – Bu inshootlar nafaqat yoshlarning sport bilan shug‘ullanishiga, balki ularning tarbiyasi, sog‘lom tafakkur va yuksak ma’naviyatli bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Mazkur sport maydonlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, mahalladoshlar o‘rtasida jipslik va faol hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu sharoitlar kelgusida yangi chempionlarni yetishtirib chiqarishga ham mustahkam zamin yaratadi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari