Gigiyenik talablarga ko‘ra, o‘quvchi-sportchilar uchun oziq-ovqat ratsioni quyidagi asosiy gigiyenik talablarga javob berishi kerak:
– ratsionning kunlik kaloriya miqdori sportchining energiya sarflariga mos kelishi;
– ratsionning kimyoviy tarkibi, kaloriya miqdori va hajmi sport turini hamda tayyorgarlik davrini hisobga olgan holda o‘quvchi-sportchi organizmining ehtiyojlari va xususiyatlariga mos kelishi;
– oziq-ovqat tarkibidagi oqsillar, yog‘lar va uglevodlar balanslashgan bo‘lishi, ularning miqdori sport turini va mashg‘ulot jarayonining intensivligini hisobga olgan nisbatlarda bo‘lishi;
– kundalik ratsionda o‘simlik va hayvon mahsulotlarining keng assortimenti bo‘lishi;
– oziq-ovqat zararsiz (zaharli moddalar va patogen bakteriyalarni o‘z ichiga olmagan holda) bo‘lishi.
Shuningdek, ushbu Gigiyenik talablar bilan sport turlari bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchi-sportchilar uchun kunlik talab etiladigan kaloriya va asosiy ozuqaviy moddalar (oqsil, yog‘ va uglevodlar), kunlik vitamin va mineral moddalar miqdorlari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, gigiyenik talablarda o‘quvchi-sportchilar uchun ratsionni tuzishda mahsulotlarga ishlov berish usuli, oshqozonda ozuqaviy moddalarni hazm qilish vaqti, ularning ichaklarda harakatlanish tezligi va mahsulotlarning organizmda so‘rilishi hisobga olinishi shartligi nazarda tutilmoqda.
O‘zA