Sirdaryo viloyatining bir nechta tumanlarida sport sohasini yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda hududlar kesimida sport maktablari faoliyati hamda natijadorlik ko‘rsatkichlari tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev boshchiligida tashkil etildi. Unda Sayxunobod va Sirdaryo tumanlari sport maktablari murabbiylari, sohaviy mas’ullar hamda tegishli tashkilotlar va idoralar vakillari ishtirok etishdi.

Tahlillar jarayonida sport maktablarida o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarining sifati, sportchilarning respublika va xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, mashg‘ulotlarning tashkil etilishi shuningdek, erishilayotgan natijalarga atroflicha baho berildi. Iqtidorli yoshlarni aniqlash va saralash, ommaviy sportni rivojlantirish hamda murabbiylar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, Sirdaryo tumanida sport sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sport mashg‘ulotlarining muntazam tashkil etilayotgani, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishning ortib borayotgani hamda musobaqalarda qayd etilayotgan natijalar ijobiy baholandi.

Shu bilan birga, Sayxunobod tumanida sport sohasida bir qator jiddiy kamchiliklar mavjudligi keskin tanqid ostiga olindi. Jumladan, sport maktablari faoliyati sustligi, natijalarning qoniqarsiz ekani, shuningdek, seleksiya va ommaviy sport masalalariga yetarli e’tibor qaratilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari tomonidan mas’ul rahbarlar va murabbiylarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sportchilar tayyorlash sifatini oshirish hamda har bir sport maktabi faoliyatini aniq natijadorlik mezonlari asosida tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, sport sohasida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi doimiy nazoratga olinishi ma’lum qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri