O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Sport kurashlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mamlakatimizda sport kurashlarini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash hamda milliy terma jamoalarning nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida sport kurashlarini (yunon-rum, erkin va ayollar kurashi) rivojlantirish va ommalashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) sport kurashlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralab olish hamda ularni professional sportchi sifatida tayyorlash, musobaqalarning yangi turlarini joriy etish;
b) trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
v) sport kurashlari bo‘yicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, mavjud moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni doimiy ravishda sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash.
Qaror bilan:
a) Sport kurashlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
b) 2026-2032 yillarda sport kurashlarini rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
2026 yildan boshlab sport kurashlari bo‘yicha quyidagi musobaqalar muntazam o‘tkazib boriladi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi;
b) Bosh prokuror kubogi;
v) "O‘zbekistan botirlari" turniri;
g) Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida kubok va chempionatlar.
Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi huzurida Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasi tashkil etiladi.
Akademiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
a) ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish va xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda, sport kurashlari bo‘yicha sportchilar, trenerlar, hakamlar va boshqa sport mutaxassislarini zamonaviy, innovatsion metodikalar, ilmiy-tahliliy yondashuv asosida tayyorlash tizimini joriy etish;
b) Birlashgan kurash dunyosi, Osiyo sport kurashlari federatsiyasi hamda yetakchi xorijiy mamlakatlarning sport kurashlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish;
v) barcha darajadagi sport-ta’lim tashkilotlarida yagona yondashuv asosida sport kurashlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashni tashkil etishga ko‘maklashish.
2026/2027 o‘quv yildan boshlab zarur infratuzilmasi mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sport kurashlari bo‘yicha sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlari uchun ishlab chiqilgan reja asosida "Bolalar uchun kurash" dasturi joriy qilinadi.
Sport kurashlari klublariga ega bo‘lgan hamda "Bolalar uchun kurash" dasturi joriy etilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida sport kurashlari bo‘yicha tizimli ravishda sport musobaqalari o‘tkazib boriladi.
Joylarda sport kurashlari bilan shug‘ullanayotgan, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchi barcha sportchilar to‘g‘isidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish tizimi joriy etiladi.
O‘zA