Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport kurashlari markazi ochildi
10:51 / 2026-03-05

Buxoro shahrida zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan yangi Sport kurashlari markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov mamlakatimizda sportni rivojlantirishga davlat miqyosida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, viloyatda sport kurashlari turlarini yanada rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash maqsadida mazkur zamonaviy sport majmuasi barpo etilganini qayd etdi. Viloyat rahbari barchani yangi sport inshootining ochilishi bilan samimiy tabriklab, bu yerda tarbiya topayotgan yoshlar kelgusida yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishlariga ishonch bildirdi.

Mazkur sport majmuasida sportchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda erkin kurash, yunon-rum kurashi hamda ayollar kurashi yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyati mavjud. Zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan mashg‘ulot zallari, sportchilar uchun qulay infratuzilma, murabbiylar uchun ishchi xonalar hamda musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar bor.

Tantanali tadbir davomida 2025-yil yakunlariga ko‘ra xalqaro va nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan bir qator sportchilar munosib taqdirlandi. Ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, respublika miqyosidagi musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan yosh sportchilar ham alohida e’tirof etildi.  

Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi sport majmuasida yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yana bir bor tanishib, bu kabi zamonaviy inshootlar yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri