Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport jurnalisti: mukofot ham sharaf, ham mas’uliyatdir
08:05 / 2023-06-28

Munosabat

Yurtimizda har yili 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanadi. Bu yil ham bayram o‘zgacha shukuhda bo‘lib o‘tdi.  

Bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti soha vakillariga tabrik yo‘lladi. “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga binoan bir guruh matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari turli orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida sport jurnalistlari ham bor.

Jumladan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "Sport" teleradiokanali" davlat muassasasi bosh muharririyati katta muharriri Shafoat Tolibjonova "Sog‘lom turmush" medali bilan taqdirlandi.  

Jurnalist Shafoat Tolibjonova bu yuksak e’tirof hayajonlari va mas’uliyati xususida O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Yurtimizda keng nishonlanayotgan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan tabrikni o‘qib, g‘oyat mamnun bo‘ldim.  

Darxaqiqat, bugungi shiddatli davr barcha sohalar qatori axborot yo‘nalishida ham oldimizga o‘ta dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Biz voqea va hodisalarni xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilgan holda xalqimizga yetkazib berishimiz zarur.  

Hozirda keng fikrlaydigan, bilimli, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan yosh malakali kadrlarni tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatimiz milliy media makonimizga yangi g‘oya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan iste’dodli yoshlarga tayanadi. Meni xursand qilayotgan jihat, bugungi kunda sport jurnalistikasiga ham ana shunday kadrlar kirib kelmoqda. Ularning shijoati, g‘ayrati, intilishi kishini quvontiradi. Shu bilan birga, bizga ham o‘z ustimizda ishlashga turtki beradi.  

Sport sohasi rivojlanib borishi barobarida bu sohani yaxshi tushunadigan, sport turlari qoidalarini mukammal o‘zlashtirgan, ma’lumotlarni muxlislarga tushunarli tarzda, operativ yetkazib beradigan kadrlarga ehtiyoj ham ortmoqda.  

Sport — mening hayotim, umrimni sportga bag‘ishladim. Bu sohani tanlaganimdan, shu orqali sport jurnalistikasi olamiga kirib kelib, mana shunday e’tirofga munosib ko‘rilganimdan baxtiyorman. Bu, eng avvalo, hukumatimiz tomonidan sportga berilayotgan e’tibor natijasidir.  

“Sog‘lom turmush” medalining topshirilishi men uchun ham sharaf, ham zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Buni qalban his qilgan holda kelgusi faoliyatimda yanada yaxshiroq ishlashga, sport sohasidagi jarayonlarni faol yoritishga harakat qilaman. Ushbu mukofot zamirida MTRK va “Sport” telekanalida faoliyat olib borayotgan hamkasblarimizning ham mehnatlari, hissalari beqiyos.  

Qolaversa, “Sport” telekanali bilan hamkorlikda ishlayotgan sport tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, sport federatsiyalari hamda ustozlarim, murabbiylarim va oilamga meni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.  

 

O‘zA muxbiri  

Muhtarama Komilova  

yozib oldi.