Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sport jamiyat rivojining muhim asosi
11:41 / 2022-11-07

Sportning jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos. U faoliyatimizning barcha jabhalariga kirib muvaffaqiyatni ta’minlab beruvchi asosiy omillardan biriga aylangan. Buning asosiy sababi – mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tibordir. Darhaqiqat, shiddat bilan rivojlanib borayotgan va shu bilan birga, murakkablashayotgan zamonda mamlakat nufuzini oshirish, qolaversa, aholi salomatligini ta’minlash tobora ustuvorlik kasb etmoqda.

Prezidentimiz joriy yilning 3 noyabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Sog‘lom turmush tarzi, yoshlar bandligi, olimpiya va paralimpiya harakati masalalariga  alohida e’tibor qaratildi.  

Taqdimotda sport ta’limi muassasalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, sohada ilmiy tadqiqotlar tizimini yaxshilash vazifalari  ko‘rib  chiqildi.  Nazarimizda,  mazkur  yangiliklarni joriy qilishdan  asosiy maqsad –  sportga  yo‘naltirilgan  ta’lim muassasalari  faoliyatiga  to‘sqinlik qiluvchi omillarni  bartaraf etish,  fundamental  ilmiy tadqiqotlarni  olib  borish orqali   yuqori  natijalarga  erishish va xalqaro  darajadagi  raqobatbardosh sportchilarni   tayyorlash  tizimini  yaxshilashdir.  Zero,  yurtimiz  sportchilari   nufuzli   xalqaro  musobaqalarda  ulkan  natijalarni qo‘lga  kiritayotgan bo‘lsada, mazkur  yo‘nalishdagi  ishlarni     ilmiy asoslangan  jihatdan  takomillashtirish  talab  etiladi. So‘nggi  yillarda  sport sohasida  o‘nlab ilmiy ishlar himoyalari  amalga oshirilayotganiga  qaramay,  yurtimizning  xalqaro arenadagi munosib  o‘rnini  belgilash  uchun yetakchi va istiqbolli  olimlar shakllanishi lozim.  

 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturlari yetakchi xorijiy universitetlarning dasturiga ko‘ra shakllantirilishi  soha  yuksalishiga  jiddiy  turtki bo‘lishi  shubhasizdir. Sportchilarni  saralash,  ularni  ham jismonan va  ruhan  chiniqtirib borishda  xorij tajribasini puxta egallash albatta  foydadan xoli bo‘lmaydi.  

Barcha bakalavriat va magistratura yo‘nalishlariga oid malaka talablarining  qayta ko‘rib chiqilishi, o‘qituvchilar va bitiruvchilarning bilimi, mahorati va pedagogik ko‘nikmalarini baholovchi kompetensiyaviy sertifikatlash yo‘lga qo‘yilishi ham ayni paytda yechimini kutayotgan og‘riqli    muammolarning  yechimiga  xizmat qiladi.  

Sport sohasida faxriy unvon va toifa darajasiga ega bo‘lgan, nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan abituriyentlarning kasbiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinishi  istiqbolli   yoshlarni ruhlantirdi.  Bu kabi  motivatsiyalar   iste’dodli  kadrlarni kashf   qilish,  ularning  keyingi  faoliyatiga  ko‘maklashish   samaradorligini  sezilarli darajada  oshiradi.  

  Pirovardida, bu kabi tashabbuslarning  tatbiq etilishi natijasida O‘zbekiston  sportchilari   Olimpiya  va  paralimpiya  o‘yinlari,  turli xildagi nufuzli xalqaro musobaqalarda  yanada  yuksak  cho‘qqilarni  zabt etishiga hech qanday shak-shubha  yo‘q.    Qolaversa, xalqaro darajadagi sportchilarni  tayyorlashda  “o‘zbek  maktabi” shakllansa, ajab emas.  

 

Bahodir Ma’murov,

Buxoro davlat universiteti  

Jismoniy madaniyat fakulteti dekani,  

Pedagogika fanlari doktori, professor.

O‘zA