Rossiyaning Novosibirsk shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiada chempioni Yevgeniy Podgorniy sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza, jami 12 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Jumladan, musobaqaning ko‘pkurash yo‘nalishida Milana Gaynulina oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Asliya Abduqodirova va Odina Robidjonova o‘z yosh toifalarida bronza medaliga ega chiqdi.
Alohida snaryadlar bo‘yicha bellashuvlarda ham O‘zbekiston gimnastikachilari shohsupaga ko‘tarildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishda Odina Robidjonova erkin mashqlarda oltin, to‘sinda kumush, brusyada bronza medallarini qo‘lga kiritib, terma jamoamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
Asliya Abduqodirova esa erkin mashqlarda g‘olib deb topildi. Milana Gaynulina erkin, brusya va to‘sinda mashq bajarishda kumush hamda tayanib sakrashda bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bekzod Baxtiyorov tayanib sakrashda uchinchi o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA