Sport gimnastikachilarimiz Bolgariyada zafar quchdi
Bolgariyaning Varna shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon “Chellenj” kubogining birinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Dunyoning eng kuchli gimnastikachilari qatnashgan bahslarda terma jamoamiz a’zosi, Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi Rasuljon Abdurahimov brusdagi mashqda 14.233 ball bilan oltin medal sohibiga aylandi. Keyingi o‘rinlarni bolgariyalik Jordan Aleksandrov va Niderlandiya vakili Jermeyn Grunberg egalladi.
Sport gimnastikasining yana bir yo‘nalishida 14.500 ball jamg‘argan iste’dodli sportchimiz Abdulla Azimov shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi. Ushbu yo‘nalishda 1-o‘rin albaniyalik Matvey Petrovga, 3-o‘rin Armaniston terma jamoasi a’zosi Artur Davtyanga tegishli bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA